O‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy ta’lim muassasalarida kvotalar sonini oshirish ustida ikki mamlakat rasmiylari ish olib bormoqda. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev ma’lum qildi, deb yozmoqda “Yangi O‘zbekiston”.
“Bo‘lib o‘tgan saralash kampaniyasida O‘zbekiston uchun hukumat kvotasining 228 ta o‘riniga 4 mingdan ortiq nomzod ariza topshirgan, bu esa kvotani oshirish zarurligidan dalolat beradi. Biz bu yo‘nalishda tegishli ishlarni amalga oshiryapmiz”, — dedi Tyurdenev Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Elchining ma’lum qilishicha, bugungi kunda Rossiya OTMlarida 30 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Umuman olganda, Rossiyada O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha xorijiy davlatlar orasida yetakchilik qilmoqda.
Shuningdek, Tyurdenev Rossiya OTMlarining O‘zbekistondagi filiallari tarmog‘ini izchil kengaytirish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Xususan, yaqinda Toshkentda Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filiali va Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) vakolatxonasi ochildi.
Elchi RUDN O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvga asosan migrantlarni o‘qitish uchun qo‘shimcha umumta’lim dasturlarini olib borayotganini qayd etib o‘tgan.
Avvalroq Vladimir Tyurdenev O‘zbekistonning mamlakatda atom elektrostansiyasi qurish bo‘yicha Rossiya bilan shartnomasi “deyarli tayyorligini”, faqat texnik jihatlar qolganligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)