“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni – 34 yildan buyon kulolchilik qilib kelayotgan Tohirjon Haydarov.
Tohirjon Haydarov 59 yoshda. Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. 2016-yilda xususiy uy muzeyini tashkil qilgan. 34 yildan buyon kulolchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Karikaturachilikdan kulollikkacha
Menda hech qachon kelajakda kulol bo‘laman, degan niyat bo‘lmagan. Shunchaki rasm chizishni yaxshi ko‘rardim. Ko‘p yillar tumanimizdagi kutubxonada rassom bo‘lib ishlaganman. Keyinroq “Mushtum” jurnalining Farg‘onadagi muxbiri sifatida faoliyat yuritganman. U paytlar jurnalni hamma bilardi, o‘qirdi. Nashr uchun siyosiy hajviy rasmlar, karikaturalar chizib berardim.Keyinroq kulolchilikka qiziqib qolib, 26 yoshimda ilk asarimni yaratganman. Mana o‘sha kunlarga ham 34 yil bo‘libdi.
Hunarmand bir kunda mashhur bo‘lib qolmaydi
Kulolchilik, rassomlik yo‘nalishlaridagi ijodkor yillar davomida asarlar yaratib taniladi. Misol uchun, bir yilda minglab rassom oliygohni bitirarkan. Har yili hech yo‘q bitta rassom tanilib chiqmayapti-ku.Qachon hunarmand mashhur bo‘ladi? Qachonki yangilik yaratsa... Men ham o‘zimga xos uslub yaratdim. Ignada miniatyura chizishni boshladim.
Bitta asarni yaratish uchun yillab vaqt ketadi
Yuqorida aytganimdek, har bir epizod ignada chiziladi. Bitta asar takror yaratilmaydi. Shu bois g‘oya uchun ba’zan yillab vaqt kerak bo‘ladi. Masalan, “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli asarimni yaratish uchun to‘qqiz oy vaqtim ketgan. Rasmni chizib qo‘yganman, lekin shoh va shoirga mos shakl topolmay yuraverganman.Bitta asar yaratish uchun ba’zan 4-5 nusxasini tayyorlaymiz, lekin tandirdan butun chiqadi. Chetlari pichoq bilan kesilgani uchun ayrimlari salga ko‘chib ketadi. Xullas, siz ko‘rib turgan chiroyli ishlar ortida anchagina mashaqqatli mehnat bor.
3 ming dollarga sotilmagan asar
Shunday vaqtlar bo‘ladi, kutilmaganda o‘z-o‘zidan san’at asari yaralib qoladi. Ijodkor uni istasa ham qayta yaratolmaydi. Menda ham shunday asar bor. To‘rt unsur uyg‘unlashganday tandirdan ranglari oqib chiqib qolgan.Hozir qancha harakat qilsak ham shunaqasini yaratolmayapmiz. O‘sha asarimni 3 ming dollarga sotib olmoqchi bo‘lishgan. Ammo men rozi bo‘lmaganman.
Ko‘nglimni xotirjam qilgan asar
Nazdimda, Alloh o‘zining go‘zalligini ko‘rsatish uchun ijodkorlarga izn berib qo‘ygan. Biz elchimiz xolos. Qobiliyatni ham, ilhomni ham O‘zi beradi.Shu kungacha ko‘p kulolchilik asarlarini yaratdim. Lekin menga eng yoqqani — Qur’oni Karimda zikr etilgan payg‘ambarlar shajarasini chizganim bo‘ldi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitobidan o‘qib, tegishli insonlardan ruxsat olib, shu asarni yaratdim.
Bilasizmi, qalbimda bir dog‘ bor edi. Lekin shu asarni yaratganimdan keyin o‘sha dog‘ ketdi, ko‘nglim xotirjam bo‘ldim.
Prezidentlar uchun tayyorlangan asarlar haqida
2016-yilda asarlarim Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga kelgan prezidentlarga sovg‘a sifatida berilgani unutilmas voqea bo‘lgan.Adashmasam, mart oyi edi. Viloyat hokimligidan odamlar kelib, Islom Karimov ShHT sammitidan keyin mehmonlarga kulolchilik asarlarini bermoqchiligini va sovg‘ani tayyorlash uchun meni tanlab olishganini aytdi.
Asarlarni yaratish uchun menga barcha sharoitlarni yaratib berishlarini, faqat bu ishni qilayotganimni hech kimga, hatto oila a’zolarimga ham aytmasligimni tayinlashdi.
Keyinroq bilsam, bunday sovg‘a berish Islom Karimovning g‘oyalari bo‘lgan ekan. Shuning uchun qattiq sir saqlangan.
Xullas, laganlar uchun buyuk shaxslarning iqtiboslarini olib kelishdi. Masalan, Tojikiston prezidentiga Sa’diyning, Putinga Lev Tolstoyning so‘zlari yozilishi, ya’ni har bir prezidentga alohida ish qilinishi kerak edi. Aprelda 13 xil dizayndagi ishlarni tayyorlab, Toshkentga jo‘natdik.
9-may kuni ular harakatni boshlashimni aytib, 12 ta tasdiqlangan asarning rasmlarini berib ketdi. Ishni boshladik. Bir oy davomida umumiy hisobda ignada chizilgan 60 ta laganni tayyorlab jo‘natdik.
Ochig‘ini aytsam, 18-iyun kuni laganlarni olib ketishganidan so‘ng to‘rt kun uxlamaganman. Yasaganlarim Islom Karimovga yoqadimi? Kengashda bitta Prezident emas, akademiya rahbari, yana bir qancha “kattakon”lar ko‘rib chiqadi. Birortasi yo‘q, desa nima bo‘ladi, deb xavotir olib, o‘zimga kelolmaganman.
Xudoga shukr, hammasi yaxshi o‘tgan ekan
ShHTdagi konsertdan so‘ng Birinchi Prezidentimiz respublika nomidan barcha davlat rahbarlariga laganlarni sovg‘a tariqasida topshirgan. Aytishlaricha, har bir prezidentga berganida ular shunchaki olib qo‘yib qo‘ymagan. Ayrimlari “ux” deb yuborgan, ba’zilari nimada chizilgan, deb so‘ragan ekan.Islom Karimov ignada deganlarida Xitoy prezidenti Si Szinpin “Bizda ham kulolchilik rivojlangan, lekin bunaqasi bizda ham yo‘q”, deb aytgan ekan. Bu bizning san’atimizga berilgan katta baho edi.
28-iyun kuni xuddi o‘sha yigitlar va imom xatib o‘rinbosari kelib, mashinadan kulib tushishdi. Xursand bo‘lib, quchoqlashib ko‘rishishdi. Bir yigit so‘riga o‘tirib, “Tohir aka, bilasizmi, sizning yutug‘ingiz nimada? Yutug‘ingiz O‘zbekistonda tug‘ilganingiz, O‘zbekistonning yutug‘i siz shu yerda tug‘ilganingiz”, deb aytgan edi. Bu men uchun hayotimdagi eng katta e’tirof bo‘lgan.
Bilasizmi, shu voqeadan keyin vatanga kerakligimni his qildim. O‘zimga nisbatan ishonchim ortdi. Shijoatim ko‘tarildi.
Bir muncha vaqt o‘tib, mukofot sifatida katta oq sumkada pul tashlab ketishdi. O‘sha paytda u pulga bitta mashina berardi. Lekin men u pulga muzeyim uchun hojatxona qurganman.
2016-yil 2-sentabrda uy-muzeyim ochilishi kerak edi. Ammo o‘sha kuni Prezidentimizni so‘nggi yo‘lga kuzatishga olib ketishdi. Men borgan joyda sanoqli odam bor edi.
Eng hayron qolganim — o‘sha yerda birorta san’atkor xalqini ko‘rmadim. U yerga kelganlarning hammasi qora mehnati bilan O‘zbekistonga xizmat qilganlar edi. San’atkorlar oradan 3-4 kun o‘tganidan keyin kelgan.
O‘zim ochgan joyga ishga olishmadi
Deputatlik paytimda tashabbusim bilan Farg‘ona davlat universitetida san’atshunoslik fakulteti ochildi. Ammo u yerga o‘zimni ishga olishmadi. Dars berishim uchun magistraturani bitirgan bo‘lishim kerak ekan. Ochig‘i, men uchun ortiqcha ish, kerak ham emas. Mayli, deb indamay qo‘yaverdim.Ijodkor xalqining boyini ko‘rganmisiz?
Kulolchilikda chinnichilar boy bo‘ladi. Ular ijod qilmaydi, tayyorini sotib oladi. Rossiya, Yevropaga eksport qiladi. Shundan millionlab pul topadi. Ammo kulollar...O‘zi bu azaldan qolgan qadriyat. Biror ijodkor tirikligida boy bo‘lganini ko‘rganmisiz? Aksariyati ro‘shnolik ko‘rmay o‘tib ketgan. Misol uchun, Muhammad Yusuf. Hayotligida qancha qiyinchilik ko‘rgan. Da Vinchi-chi? Qancha bosimlar ichida yashagan. Hozir esa bitta asarining o‘zi million dollarga sotiladi. Hayot shunaqa.
Men ham chinnichilik qilib, ko‘p pul topsam bo‘lardi, lekin xohlamadim
Bitta non emas, yarimta non yedim, bir kilo emas, yarim kilo go‘sht yedim. Alloh topganlarimga baraka berdi, oilamdan orttirib, respublikada birinchi bo‘lib xususiy muzeyimni ochdim. Kutubxona tashkil qildim. Bu kitoblarni sotib olish uchun qancha pul ketgan.Muzeyimni garovga qo‘ysam, imtiyozli foizlarda 2,5 milliard so‘m kredit berishlari mumkin ekan, ammo kerak emas.
Uyim-joyim, mashinam bor. Uchta qiz chiqardim, o‘g‘limni uyladim. Nevaralarimga to‘y qildim. Hammasini shu tuproqdan yaratib, halol mehnatim bilan erishdim. Hozirgi hayotimdan mamnunman.
Agar qo‘limga kattaroq pul tushsa, faqat muzeyimni, kutubxonamni kengaytiraman. Maqsadim — san’atimni davom ettirish.
Tan olishimiz kerak, biz san’atni tushunmaymiz
95 foiz ishlarimiz chet elga ketadi. To‘g‘ri, mahalliy xaridorlar ham sotib oladi, lekin kam. Tan olishimiz kerak, biz san’atni tushunmaymiz. Odamlarda qachon san’atga mehr oshadi, qachonki qorni to‘q bo‘lsa...Qorin g‘ami ketganidan keyin estetik zavq olishni boshlaymiz. Qorin to‘ygandan keyingina “bitta ashula ayt, eshitaylik” deyishadi-ku.
Hayot ham zinalardan iborat. Xorijliklar o‘sha zinaning yuqorisiga chiqib bo‘lgan. Biz u darajaga chiqqunimizcha hali 50 yil bor.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.
Avvalgi soyadagi odamlar:
“Musulmonligimdan mamnun emasman. Mamnun bo‘lib qolishlikdan ham qo‘rqaman”. Imom Rustamjon domla hikoyasi“Dadam salonda stilistlik qilayotganimni bilmaydi”. Stilist yigit hikoyasi
Erkakning “yurib ketishi”ga ayolning o‘zi sababchi bo‘ladi — Pardozchi qiz hikoyasi
Bozorchi ayollar ayol emasmi? Bozorchi ayol hikoyasi
“Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi
“Musorga tashlab yuborilgan 34 million so‘mni topib berganman”. Chiqindi yig‘uvchi amaki hikoyasi
“Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin”. Go‘rkov Yursunali ota Umaraliyev hikoyasi
“O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotilmaydi!” Morg xodimining hikoyasi
Izoh (0)