Pachoqlangan sariq va to‘q qizil rangli ikkita Ford Mustang Amerikadagi GSA auksioni orqali sotuvga qo‘yildi. Krash-testlardan o‘tgan ikkala sportkarni 3700 dollarga sotish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Motor.
2018-yilda sportkar AQSh Yo‘l harakati xavfsizligi milliy administratsiyasining krash-testlarida ishtirok etgan. Sinovlar vaqtida mutaxassislar Mustang’larni yon zarbalar bo‘yicha tekshirgan. Odatda bu kabi sinovlardan o‘tgan mashinalar utilizatsiyaga yuboriladi, mazkur sportkarlarga jiddiy zarar yetmagani sabab tashkilot vakillari ularni sotishga qaror qilgan.
Ikkala Ford Mustang’ning ham texnik holati ularga mustaqil harakatlanish imkonini bermaydi. Bundan tashqari, potensial xaridor avtomobillarni qayta tiklashga qaror qilgan taqdirda ham, unda umumiy foydalanishda yo‘llarda harakatlana olmaydi. Sportkarlar ekspluatatsiyaga cheklov o‘rnatilgan holda sotiladi va uni sotib olgan yangi xaridor tegishli bitimni imzolashi kerak. Shu sababli xaridor mashinalarni faqatgina ehtiyot qismlarga ajratib tashlay oladi.
Ikkala Mustang’ga ham 310 ot kuchiga ega 2,3 litrli EcoBoost turbomotorlari o‘rnatilgan. Avtomobillardan biri avtomatik, ikkinchisi mexanik transmissiya bilan jihozlangan. Sportkarlar 3,7 ming dollar narxida sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, bu pulga ikkita iPhone 12 Pro Max xarid qilish mumkin.
Avvalroq amerikalik o‘t o‘chiruvchilar mashg‘ulot uchun 770 ot kuchiga ega Mustang GT500’ni yakson qilgandi.
Izoh (0)