Qozog‘istonda ko‘ngillilarni koronavirusiga qarshi mahalliy QazCovid-in vaksinasi bilan emlash boshlandi, deya xabar qilmoqda mamlakat bosh vaziri matbuot xizmatiga tayanib, “Korrespondent.net”.
“Bugungi kunga qadar Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mahalliy QazCovid-in vaksinasining I va II bosqich klinik sinovlari o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi yakuniy, uch ming nafar ko‘ngilli qatnashadigan III bosqich klinik sinovlarini boshlashni tasdiqladi.
19-dekabr kuni dastlabki ko‘ngillilar Olmaota va Taraz shaharlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlarida hamda klinikalarda mahalliy vaksina bilan emlandi”, – deyiladi bosh vazirning veb-saytida.
Qayd etilishicha, 2020-yilning dekabr oyi oxiriga qadar uch ming ko‘ngillini emlash ishlari yakunlanadi. III bosqich uchun 10 ming dozada zarur vaksina partiyasi ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr o‘rtalarida Qozog‘istonda QazCovid-in vaksinasining klinik sinovlari boshlangandi. Qozog‘iston ta’lim va fan vaziri mamlakatda ishlab chiqilgan ushbu vaksinani o‘zida sinab ko‘rganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)