“Daryo” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda o‘qiyotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz hayotini yoritishda davom etadi. Loyihaning bu galgi qahramoni — Janubiy Koreyada tahsil olayotgan Shahrambek Abduqodirov.
Shahrambek Abduqodirov Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Yoshi 19 da. Janubiy Koreyadagi Ulsan universitetining 2-bosqich talabasi.
O‘zbekistondagi ta’lim tizimidan qoniqmasdim
Xorijga ketishim uchun sabablar ko‘p bo‘lgan. Qaysidir ma’noda O‘zbekistondagi ta’lim tizimidan qoniqmaslik, bir xil hayotdan zerikish... Men uchun yangi muhit, yangi olam, o‘zgacha atmosfera kerak edi. Shu boisdan chet elga o‘qishga ketish uchun astoydil intilganman va to‘qqizta xorijiy universitetga qabul qilinganman.Boshida Koreyada o‘qishni xohlamaganman. Chunki niyatim faqat Amerika edi. Ammo elchixonadan viza ololmaganimdan keyin AQShga ketishning boshqa yo‘llarini izlay boshladim.
2+2 (ikki yil Koreyada, ikki yil Amerikada o‘qish) transfer dasturiga qabul hali tugamaganini bilganimdan so‘ng Koreyaga kelishga qaror qildim. To‘g‘ri, boshqa joyga ham ketishim mumkin edi, lekin mamlakatning AQSh bilan aloqalari o‘zga davlatlarga nisbatan ancha yaxshiligi, ta’lim sifati yuqoriligi hamda yashash uchun barcha qulayliklar borligi sabab aynan Koreyani tanladim.
Oilamni sog‘inganimni aytmaganda hammasi yaxshi
Har ishda bir hikmat bor deyishganidek, vaqt o‘tib, Koreyaga bekorga kelmaganimni tushundim.Koreya mening dunyoqarashimni, hayotiy pozitsiyamni o‘zgartirdi. Ko‘plab xorijiy do‘stlar orttirdim, karyeram uchun yo‘l ochildi. To‘g‘ri, boshida hammasi qiyin bo‘lishi mumkin, lekin, menimcha, har bir yosh o‘z yo‘lini topish, dunyoning qanchalar kengligini bilish uchun xorijda o‘qishi, hech bo‘lmasa bir marta chetga chiqib kelishi kerak.
Shaxsan menga, musofirlikdagi hayot ko‘p narsa o‘rgatdi. Bu yerga kelib olgan saboqlarimni, xulosalarimni hech nimaga alishmayman.
Hozir universitetda biznes yo‘nalishida tahsil olaman. Haftasiga besh kun o‘qish, oltita fan o‘tiladi. Fanlarimizning hammasi sohamga doir, ortiqcha darslik umuman yo‘q. Bu esa ayni men xohlagan eng muhim jihat.
Biznes sohasini juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa PR (Public Relations), investitsiya, marketing, Public Speaking (notiqlik) yo‘nalishlariga qiziqaman. O‘zbekistonga ham bu yo‘nalishlar bo‘yicha kuchli mutaxassislar kerak. O‘ylaymanki, universitetda olgan bilimlarim nafaqat o‘zim, balki yurtimiz uchun ham juda manfaatli bo‘ladi.
Men ko‘rgan Koreya
Asosan G‘arb davlatlariga qiziqqanim uchunmi, bilmadim, Osiyo mamlakatlari haqida aytarli tushunchaga ega emasdim. Koreyslarning serial, kinolarini qanday ko‘rsam, shunday deb tasavvur qilardim.Biroq mamlakatga kelganimdan so‘ng hamma qarashlarim o‘zgardi. Bilasizmi, samolyotdan tushganimdan tortib to hozirgacha hayratlanishlarim haligacha to‘xtagani yo‘q.
Bu yerga moslashishimga olti oy vaqt ketdi. Yetarlicha qiyinchiliklar bo‘ldi, hozir ham davom etyapti. Ammo birinchi kelgan vaqtimga nisbatan ancha ko‘nikdim deb o‘ylayman.
Ikki yillik ko‘rganlarim misolida aytadigan bo‘lsam, tinch, jinoyatlar kamligi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadi. Xavfsizlikka kuchli e’tibor berishadi, texnologiyalar, bizning tilda aytganda raqamli iqtisodiyot rivojlangan.
Turizm sohasiga kuchli e’tibor beriladi, istirohat bog‘lari ko‘ngilochar maydonlar har xil ko‘chalar va ajoyib hududlari ko‘p. Ko‘chada chet elliklarni tez-tez uchratasiz. Ammo tarixiy obidalari deyarli yo‘q desa ham bo‘laveradi.
Tabiati biznikiga juda ham o‘xshash, lekin okean bo‘yida joylashgani uchun tayfunlar bo‘lib turadi. Yomg‘ir ko‘p yog‘adi.
Koreyslar osiyoliklarga past nazar bilan qaraydi
Koreyslar uyatchan xalq. Kanadalik professorlarim esa buni qaysidir ma’noda irqchilikka yo‘yishadi. Koreyslar rostdan ham yo chet elliklardan cho‘chiydi, yo yomon ko‘radi. Xullas, begonalar bilan yaxshi chiqishadiganlari kam.Musulmonlardan qo‘rqadi. Ko‘pgina Osiyo xalqlariga past nazarda qarashadi, chunki Koreyaga qora mehnat qilish uchun asosan osiyoliklar keladi.
Amerikaliklarni hurmat qilishadi, ya’ni ularga boshqacharoq muomala qilishadi, desam ham to‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘p sohalarda taqlid ham qilishadi. Men bunga asosiy sabab Koreyalararo urushda Amerikaning ko‘rsatgan yordami deb o‘ylayman.
Ovqatlari juda ham g‘alati. Deyarli 70-80 foiz taomlarini musulmonlar iste’mol qilmaydi. Chunki aksariyati cho‘chqa go‘shti yoki chala pishgan va xom taomlar, juda achchiq. Ko‘pincha ovqatlarni o‘zimiz tayyorlab yeyishga harakat qilamiz.
Halol restoran va oshxonalarni yoki shunday mahsulotlarni sotadigan magazinlarni uchratish mumkin. O‘zbeklar ochgan choyxonalar anchagina, yetkazib berish xizmatlari ham mavjud.
Xalqi juda yaxshi yashaydi
Ko‘chalarda nochor odamlarni 2-3 oyda bir uchratib qolishingiz mumkin. Hamma xalqda bo‘lgani kabi koreyslar ham o‘z madaniyati bilan faxrlanadi.Hurmat va izzat ko‘rsatgan shaxslar anchayin qadrlanadi. Bu yerda martaba va lavozim juda katta rol o‘ynaydi. Garchi yoshingiz 50 da bo‘lsa ham sizni 20 yoshli koreys bemalol haqorat qilib buyruq berishi mumkin.
Xavfsizlik juda yuqori. Masalan, qizlar kechasi 2:00-3:00 da ham bemalol yuraveradi. Odamlar avtomobillarini hatto qulflamay ko‘chaga tashlab ketadi.
Davlatda tug‘ilish yildan yilga kamaymoqda. Ko‘chalarda ham yoshlar qarilarga nisbatan kam uchraydi. Qarilar sog‘ligiga kuchli e’tibor beradi. Doimo sport bilan shug‘ullanadi. Ko‘pgina yoshlari esa o‘yin-kulgiga berilib ketgan. O‘smirlarga alkogol ichimliklarni ichishga ruxsat berilgan. Koreyada soju (alkogol) suvdan ko‘ra ko‘proq xarid qilinadi. Bu ham qaysidir ma’noda madaniyatining bir turiga aylangan.
Talabalar ishlashi mumkinmi?
Mamlakat qonunlariga ko‘ra, bakalavr va magistrlar haftasiga 20 soatdan ortiq ishlashlari mumkin emas. Ammo shanba, yakshanba, ta’til paytlarida cheklanmagan miqdorda ishlashga ruxsat berilgan.Aksariyat talabalar pochta, eltib berish xizmati, oshxona va kafelarda ishlaydi. Zavod, fabrika, qurilishlarda ishlaydiganlari ham yo‘q emas.
Men ham o‘qishdan tashqari ikkita joyda universitetimdagi Global Business Department ofisida yordamchi xodim va qilichbozlik to‘garagida yordamchi trener sifatida ishlayman. Oylik daromadim kontraktim, yashash xarajatini bemalol qoplaydi.
Adashmasam martdan beri Koreyaga o‘zimizdan birorta yangi talaba kelmadi. Oliygohlar xorijlik talabalarga muhtoj bo‘lsa-da ayrim yoshlar bilan yuzga kelgan qonunbuzarliklar sabab O‘zbekistondan kelayotganlarga viza talablari kuchaytirilgan.
Koreyaga o‘qishga kelmoqchi bo‘lganlar uchun tavsiyalar
- O‘qishga talabaning o‘zi hech qanday agentliksiz kirsa ham bo‘ladi. Eng muhimi, til sertifikatlari IELTS 5.5 -6/TOEFL 76 yoki TOPIC 3’dan yuqori ballari bo‘lishi kerak. Albatta, bu til kurslariga keluvchilar uchun emas.
- Talaba koreys tilini bilishi shart. Garchi ingliz tilida tahsil olishga kelayotgan bo‘lsa ham. Til ish topishda juda kerak bo‘ladi.
- Mamlakatda biror noqulay vaziyatga tushib qolmaslik uchun xalqi nimani yaxshi ko‘radi, nimani yoqtirmaydi, yaxshilab bilib olish shart.
- Yuqorida aytganimdek, ko‘p ovqatlarni iste’mol qilish qiyin. Och qolmaslik uchun bir necha xil ovqatlarni o‘rganib kelish zarar qilmaydi.
- Mamlakatda tibbiy xizmat narxlari ancha qimmat. Shuning uchun agar sog‘liqda muammo bo‘lsa, o‘zimizda davolanib, keyin kelish kerak.
Orzularim O‘zbekiston bilan bog‘liq
Nasib qilsa, o‘qishimni tamomlab, Toshkentga qaytaman. Chunki orzularimning hammasi O‘zbekiston bilan bog‘liq. Ayni paytdagi niyatim o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yib, korxona ochish.Eng muhimi, oilam, meni yaxshi ko‘rgan insonlar hech nimaga zoriqmasdan yaxshi yashashlarini istayman. Shu maqsad menga doimo motivatsiya berib turadi.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.
Mavzuga doir:
- “Agar o‘zbeklar Iordaniya haqida bilganidami, jon deb kelgan bo‘lardi”. Ammanda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Fadriyya Farhod hikoyasi
- Barchaga bag‘rini ochgan Shvetsiya nega o‘zbekistonliklarni qabul qilmayapti? Shvetsiyada sakkiz yildan beri yashayotgan Aisha Aliyeva hikoyasi
- “Hayotimizni yaxshilash uchun Portugaliyaga kelganmiz”. Portugaliyada o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan o‘zbekistonlik ayol hikoyasi
- “Bir yilda o‘rtacha 15 daqiqa elektr o‘chishi mumkin”. Daniyada yashayotgan o‘zbekistonlik ayol bilan suhbat
- Rossiyaga o‘qishga borgan talabani qanday hayot kutmoqda? O‘zbekistonlik Zarnigor Omonillayeva hikoyasi
- Google’da ishlayotgan o‘zbek yigiti nima uchun O‘zbekistonga qaytmoqchi emas?
- Buyuk Britaniyada o‘qib, hozirda o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonlik Nurxon Egamova hikoyasi
- Milliarderlar poytaxti Dubayda ishlayotgan o‘zbekistonlik Murod Komilov hikoyas
- 13 marotaba IELTS imtihonini topshirib, 8.5 ball natijani qayd etgan Bekzod Mirahmedov hikoyasi
- “Barchasi uchun Xitoydan minnatdorman!” Xitoyda doktoranturada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik Nafosat Tojiboyeva hikoyasi
- Germaniyada o‘qish osonmi? O‘zbekistonlik talaba hikoyasi
- Kim bo‘lsang ham eng yaxshisi bo‘l! Garvard tibbiyot oliygohining ilmiy tadqiqotchisi o‘zbekistonlik Jamshid Jambulov hikoyasi
Izoh (0)