Qozog‘istonda koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiyani 2021-yildan boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim Jo‘mart-To‘qayevga bosh vazir Asqar Mamin ma’lum qildi, deb xabar beradi Tengrinews.
Mamlakat rahbariga 2020-yilning dekbar oyida 2 million doza hajmida mahalliy vaksinaning birinchi partiyasini ishlab chiqarish boshlanishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
“Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishuviga ko‘ra, 22-dekabrdan mamlakatda ‘Sputnik V’ vaksinasini ishlab chiqarish boshlanishini ma’lum qilgan. Aholining ko‘ngilli qismini ommaviy vaksinatsiyadan o‘tkazish 2021-yildan boshlanadi. Birinchi bosqichda aholining zaif qatlami, jumladan, shifokorlar, o‘qituvchilar, kuch tuzilmalari xodimlari qamrab olinadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin koronavirusga qarshi mahalliy vaksinaning yaratilish jarayoni to‘g‘risida mamlakat prezidentiga ma’lumot bergan.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 29-noyabr kuni klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazasi yakunlangan. Maminning aytishicha, salbiy holatlar kuzatilmagan, vaksina yuqori samaradorlikni ko‘rsatgan.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev vaksinani ishlab chiqarish bo‘yicha vazifani tezkor bajargani uchun Asqar Maminga minnatdorchilik bildirgan va mahalliy vaksinaning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha nazoratning zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, qozog‘istonlik olimlar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishni boshlagani haqida mart oyi oxirlarida ma’lum bo‘lgandi. 1-avgust kuni Qozog‘iston milliy agrar universitetidagi Xalqaro vaksinatsiya markazida mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi emlash o‘tkazildi. Avgust o‘rtalarida esa koronavirusga qarshi vaksina yaratgan tadqiqotchi uni o‘zida sinab ko‘rgandi.
Mavzuga doir: Qozog‘istonda koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini ishlab chiqaruvchi zavod quriladi
Izoh (0)