Buyuk fransuz inqilobidan keyin hokimiyatga kelgan general Napoleon Bonapart 1804-yil 2-dekabr kuni Bibi Maryam (Notre Dame de Paris) ibodatxonasida Rim Papasi va respublikaning boshqa namoyondalari qarshisida imperatorlik tojini kiydi. Fransiya endi imperiya deb atala boshlandi. Roppa-rosa bir yildan keyin, 1805-yil 2-dekabr kuni imperator o‘zining eng muhim g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shu kuni tarixda “uch imperator jangi” deb nomlangan Austerlits jangi bo‘lib o‘tdi. “Daryo” sana munosabati bilan bugungi maqolada Napoleonning yorqin g‘alabasi haqida hikoya qiladi.
Tarixiy sharoit
1802-yilning mart oyida o‘n yillik o‘zaro urush natijasida holdan toygan Fransiya va Angliya Amiens shahrida tinchlik shartnomasiga imzo chekdi. Ammo kelishmovchiliklarning barcha sabablari oxirigacha hal qilinmadi va tinchlik qisqa muddatli bo‘ldi. Shuningdek, ashaddiy fransuz dushmani bo‘lgan Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Uilyam Pitt shartnoma shartlarini hurmat qilmadi va Malta orolidan ingliz qo‘shinlarini olib chiqmadi. 1803-yil may oyida Angliya floti hech qanday urush e’lon qilmasdan, 1 200 ta fransuz va golland savdo kemalarini o‘qqa tutdi. Fransuzlar esa mamlakatdagi barcha inglizlarni qo‘lga oldi, Napoleon armiyani safarbar qilishga buyruq berdi.1803-yilda o‘sha paytda birinchi konsul bo‘lgan Napoleon armiyani Fransiyaning shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab joylashtirdi. Maqsad Angliyani egallash edi. Bir yil davomida armiya “Katta armiya”ga aylandi (Napoleon armiyasi “Katta armiya” deb nomlanar edi). Shu davr mobaynida “Katta armiya” juda yaxshi tayyorgarlikdan o‘tdi.
Buyuk Britaniya esa dengizlar hukmdori sifatida tanilgandi, dengizda unga bas kelish qiyin edi. Shu sababli ham uning deyarli barcha koloniyalari okean va dengizlar havzasidagi mamlakatlar edi. Ammo ular quruqlikda mohir emas bo‘lmagan va “Katta armiya”ga qarshi tura olmasdi. Shuning uchun ham bosh vazir U. Pitt 1804-yil oxirida Napoleon armiyasiga qarshi quruqlikda jang qila oladigan davlatlar Avstriya, Rossiya va Shvetsiya bilan koalitsiya tuzishga erishdi. Buyuk Britaniya esa urushdan iloji boricha uzoq turishga harakat qildi. Ittifoqchilarining maqsadlari bilan esa tanishib chiqamiz.
1801-yilda taxtga o‘tirgan Rossiya podshosi Aleksandr I o‘z obro‘sini oshirishni maqsad qilgan edi. Fransuzlar imperatorini yengish unga, shubhasiz, shuhrat olib kelar va bir necha o‘n yildan buyon hududlarini kengaytirayotgan Rossiya qudratini mustahkamlardi.
Napoleonning iqtidorini yaxshi bilgan, u bilan birinchi va ikkinchi koalitsiya paytida urushgan Avstriya imperatori Fransua II esa nemis yerlarini Napoleon qo‘l ostiga o‘tib ketishini istamas edi. Bundan tashqari, Napoleon Italiyani ham egallab, Italiya qiroli deb e’lon qilindi. Yevropaning barcha saroylari esa Napoleonning imperator deb e’lon qilinishiga qarshi chiqdi.
Shunday qilib, 1804-yil 4-iyul kuni Rossiya va Avstriya o‘zaro urush konvensiyasini imzoladi. Unga ko‘ra, Rossiya imperiyasi Avstriyaga Bavariyani egallashiga yordam berish maqsadida 140 ming askar bilan yordam berishi kerak edi. Buyuk Britaniya esa Napoleonga qarshi qaratilgan Uchinchi koalitsiyani moliyalashtirish majburiyatini oldi. Janglarda qatnashadigan 100 ming askar uchun inglizlar 1 million 250 ming funt sterling mablag‘ ajratdi.
Jang maydoni, askarlar soni va imperator tuzog‘i
Austerlitsgacha imperator va ittifoqchilar o‘rtasida bir nechta janglar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Napoleon Ulm va Vena shaharlarini qo‘lga kiritgandi. Endi askarlar Austerlitsda to‘qnashishi lozim edi. Bugungi nomi Slavkov u Brna deb nomlanadigan mazkur shahar bugungi Chexiya respublikasi hududida joylashgan. Jang uchun 150 km kv kenglikdagi maydonni Napoleon tanlaydi. Jangdan bir necha kun oldin imperator maydonni sinchiklab o‘rganib chiqdi va marshallariga qarata shunday dedi: “Bu hududni yaxshilab o‘rganinglar, biz shu yerda jang qilamiz, bunda har biringizning muhim o‘rningiz bor”.Shu kuni jang maydonida ikki tarafdan 160 ming askar to‘qnash keldi. Napoleonning 75 mingga yaqin, ittifoqchilardan ruslarning 60 ming, Avstriyaning esa 25 ming askari jang maydonida hozir bo‘ldi. Katta armiyaning bosh qo‘mondoni imperatorning o‘zi edi. Jang Napoleonning qanchalar mohir taktik sarkarda ekanini ham namoyish qilib berdi. Jangda u ittifoqchilarni mohirlik bilan alday oldi.
U o‘zining bir nechta taktikalari bilan ittifoqchilarda “Katta armiya”ni osonlik bilan yengish mumkinligi haqida tasavvur hosil qila oldi. U jang davomida bir necha marta chekinish, ittifoqchilarga go‘yoki muzokara uchun takliflar yuborish kabi ayyorliklarni ishlatdi. Shuningdek, ittifoqchilar Napoleon armiyasini 75 ming emas, 40 ming kishi deb hisoblar edi. Imperator qo‘shinining o‘ng qanotini zaif qilib ko‘rsatib, ittifoqchilarni aynan mana shu qanotga hujum qilishga “majbur” qila oldi. Natijada, ular qopqonga osonlik bilan tushdi. Tajribali rus generali Mixail Kutuzov bunga unchalik ishonmagan bo‘lsa-da, yosh generallar osonlik bilan aldandi.
Jangning borishi
2-dekabr tonggi soat 04:00 da ittifoqchilarning to‘rtta kolonnasi Pratzen tekisligini tark etib, kutilganidek “Katta armiya”ning o‘ng qanotiga qarab yurdi. Soat 06:00 da Vandam va Sent Hiler diviziyalari tuman orasida yashirinib hujumga o‘tish buyrug‘ini kutib turdi.Kiyenmayer o‘zining avangardini Telnitzni qamal qilishga yubordi. Qo‘shin esa general Legrandning 3-diviziyasi tomonidan qaytarildi. Bir necha daqiqadan so‘ng Kiyenmayer uch ming avstriyalik piyoda va 600 otliqni qishloqqa yubordi. Ammo qishloq cherkovigacha kelgan mazkur jangchilar fransuzlar tomonidan qaytarildi.
Shu tariqa Telnitz, Sokolnitz, Pratzen qishloqlarida fransuz armiyasi hal qiluvchi g‘alabalarga erishdi. Tushdan keyin deyarli barcha qo‘shinlar chekinib bo‘lgan edi. Podshoh va bosh shtab bir soat oldin jang maydonini tark etdi. Kutuzov, Kollovrat kabi generallar hamon jang maydonida edi. Rus gvardiyasi va Lixtenshteyn kavaleriyasi ham tartibsizliklar ichra chekinishga tushdi. Imperator generallariga ularning yo‘lini to‘sishni buyurdi. Jang ittifoqchilarning qaqshatqich mag‘lubiyati bilan nihoyasiga yetdi.
Yo‘qotishlar va jang natijasi
Jangda fransuzlarning 1,5 mingdan ortiq askari halok bo‘ldi, yetti mingga yaqini yaralangan bo‘lsa, 500 dan ortig‘i asirga tushdi. Napoelon har bir yaralangan askarga 60 frank, 500 dan ikki ming frankkacha darajasiga qarab ofitserlarga, uch ming frankdan generallarga berdi. Ittifoqchilarning 16 mingdan ortiq askari halok bo‘ldi, 11 mingdan ortig‘i esa asir olindi. 45 ta harbiy bayroq qo‘ldan boy berilgan bo‘lsa, 185 ta to‘p ham fransuzlar qo‘liga o‘tdi.Jangdan keyin Kutuzov armiyadan uzoqlashtirildi va Kiyevga gubernator etib tayinlandi. 3-dekabr kuni Napoleon general Muratga rus armiyasini ta’qib qilishni buyurdi. Ammo bu foyda bermadi.
Shu tariqa jang uchinchi koalitsiyaga barham berdi. 3-dekabr kuni Avstriya imperatorining elchisi tinchlik bo‘yicha muzokaralarni o‘tkazish taklifi bilan keldi. 26-dekabr kuni ikki davlat o‘rtasida Presburg shahrida tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, Avstriya bir qator muhim hududlaridan ayrildi va Fransiyaga 40 million florin, ya’ni daromadining yettidan bir qismini to‘lash majburiyatini oldi.
Ittifoqchilarning mag‘lubiyatini eshitgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Uilyam Pitt xizmatchisidan devorda osilgan Yevropa xaritasini olib tashlashni buyurdi va “u yaqin o‘n yilda bizga kerak bo‘lmaydi”, dedi.
Napoleonga qarshi 1806 va 1809-yillarda yana koalitsiya tashkil etildi. Ammo bu safar ham muvafaqiyatsiz tugadi. G‘alaba Napoleonga imperatorligining bir yilligiga ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Jangdan keyin askarlariga nutq so‘zlagan imperator shunday dedi: “Askarlar, men sizlardan juda xursandman. Sizni jasur deyishlari uchun Austerlits jangida qatnashganingizni aytishingiz yetarli!”
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)