Surxondaryo viloyatida 2020-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida 52 ming tonna paxta qo‘shib yozilgan bo‘lishi mumkinligi, bu viloyat rejasining 21,3 foiziga tengligi haqida xabar berilgandi.
“Kun.uz”ning yozishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi paxta mavsumida qo‘shib yozish holatlari bo‘lganini rad etdi.
“2020-yilgi paxta mavsumida qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagan”, — deb bayonot tarqatdi Surxondaryo viloyati prokuraturasi.
Nashr tomonidan berilgan xabardagi ma’lumotlar Surxondaryo viloyati prokurori o‘rinbosari imzosi bilan tumanlarga yuborilgan № 11/1.1-20 sonli topshiriqqa asoslangan.
Viloyat prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, bu topshiriq “kunlik terim pullarining tarqatilishi yuzasidan tegishli tashkilotlardan olingan tahliliy ma’lumotlarga tayanib” tayyorlangan.
Tumanlarga bunday topshiriq “paxta hisob-kitoblariga qo‘shib yozish salbiy holatlarining oldini olish” maqsadida yuborilgan.
“Mazkur topshiriq asosida amalga oshirilgan prokuror nazorati tadbirlari natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan paxta mavsumida hisob-kitob masalalarida qo‘shib yozish holatlarining oldi olingan. Mazkur topshiriq yuborilgan vaqtda paxta mavsumi davom etayotgan bo‘lib, yakuniy hisob-kitoblar hali tamomlanmagan edi. Hozirgi kunda paxta mavsumida qo‘shib yozish holatlari bo‘yicha aniqlangan va isbotlangan holatlar mavjud emas”, — deyiladi Surxondaryo viloyati prokuraturasi bayonotida.
Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yilda 1 million 34 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinib, 3 million 82 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)