Qirg‘izistonda mamlakat konstitutsiyasini qayta yozib chiqish bo‘yicha konstitutsion majlis bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Majlis a’zosi Edil Baysalovning ma’lum qilishicha, majlis shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, balki juda faol o‘tmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum bir shaxslar konstitutsion majlis avvaldan tasdiqlangan ssenariy bo‘yicha o‘tayotganini aytmoqda.
“Biz uchta seksiyada ishlayapmiz, bizda intensiv ish ketmoqda. Biz har bir harfni solishtiryapmiz, amaldagi konstitutsiya asosida ishlayapmiz, uni qo‘shni davlatlarning asosiy qonunlari bilan taqqoslayapmiz. Birinchi marta konstitutsiyamiz ona (qirg‘iz) tilida yozilayotgani menga yoqyapti. Asosiy qonunning matni ustida ishlash chog‘ida ma’lum atamalar qirg‘iz tilidagi tarjimada pala-partish va noaniq ifodalanganini ko‘ryapmiz”, — dedi Edil Baysalov.
Majlis a’zosining qayd etishicha, yakuniy qaror konstitutsion kengash tomonidan qabul qilinmaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar ko‘chadan kelib o‘z takliflarini bermoqda, ular orasida muqaddam ozodlikdan mahrum qilinganlar ham mavjud.
“Har kim kelishi mumkin, biroq biz shunchaki majlis organimiz. Bu loyiha qanday ko‘rinishda qabul qilinishini biz hal qilmaymiz, biz o‘zimizga bunday vakolatni ololmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Edil Baysalov.
Shuningdek, majlis a’zosining qayd etishicha, avvalroq 80 nafar deputatning imzosi bilan e’lon qilingan asosiy qonun loyihasining matni umuman boshqa. Edil Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat parlamenti saytida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan matn konstitutsion majlisda ko‘rib chiqilayotgan matndan farq qiladi.
Qirg‘iziston konstitutsiyasini qayta yozib chiqish Sadir Japarovning tashabbusi hisoblanadi. Bu haqda Japarov bir necha marta gapirgan. Biroq asosiy qonunni qayta yozish vakolati 2020-yilning 28-oktabrida tugagan oltinchi chaqiriq deputatlari zimmasiga yuklatilgan.
Izoh (0)