AQShda pandemiya boshidan beri birinchi marta COVID-19 bilan kasallanganlarning kunlik ko‘rsatkichi 200 mingdan oshdi. Bu haqda Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Oxirgi 24 soat ichida AQShda 205 557 ta yangi holat ro‘yxatga olingan. 1404 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlari bo‘yicha AQShda hozir (28-noyabr Toshkent vaqti bilan 23:00)gacha 13 137 092 kishida koronavirus qayd etilgan. Ulardan 4,9 millioni sog‘aygan bo‘lsa, 265 ming nafari olamdan o‘tgan.
Butun dunyo bo‘yicha koronavirus yuqtirib olganlar soni 61 milliondan oshgan bo‘lsa, 1,4 million kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Hozirgacha 12 ta davlatda COVID-19 qayd etilgan bemorlar soni 1 milliondan oshgan. AQSh koronavirus bilan kasallanish holati eng ko‘p qayd etilgan davlat bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarda Hindiston (9,3 million) va Braziliya (6,2 million) turibdi.
Avvalroq JSST barcha davlatlarni kasallikning kelajakdagi ehtimoliy to‘lqiniga tayyorgarlik doirasida koronavirus borasidagi testlar ko‘lamini oshirishga chaqirgani xabar qilingandi.
Izoh (0)