Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumaniga yangi hokim tayinlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
25-noyabr kuni xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilib, unda tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan.
Sessiyada Botirjon Mirzaqulov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan. Tuman hokimi lavozimiga 2015-yildan buyon Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan podpolkovnik Farrux O‘ktamjonov tayinlandi.
Farrux O‘ktamjonov 1985-yilning 19-sentabrida Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. 2007-yilda O‘zbekiston IIV Akademiyasini tamomlagan.
Tumanning avvalgi hokimi Botirjon Mirzaqulov qaysi ishga o‘tganligi xabarda ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Sirdaryoning Mirzaobod tumaniga Jonibek Yariyev hokim etib tayinlangani, Samarqand viloyatining Narpay tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Sherzod Rahmonov nomzodi tasdiqlangani, Kattaqo‘rg‘on tumaniga 25 kun ichida ikkinchi marta vaqtinchalik hokim tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)