Bundan 57 yil oldin AQSh prezidenti Jon Fitsjerald Kennedi o‘ldirilgan edi. Kennedi mamlakatni uzoq vaqt davomida boshqarmagan bo‘lsa ham, u Amerikaning eng mashhur rahbarlaridan biri edi. Kennedi rasman yolg‘iz qotil Xarvi Osvald tomonidan o‘ldirilgan deb hisoblansa-da, aksariyat amerikaliklar AQSh prezidentini fitna qurboniga aylangan deb o‘ylaydi. “Daryo” Amerikaning hech kimga o‘xshamagan prezidenti faoliyati va taqdiri haqida hikoya qiladi.
Usti ochiq mashina Dallas ko‘chalaridan o‘tib bormoqda, mashinada jilmayib o‘tirgan odamlar ularni olqishlayotgan olomon bilan salomlashmoqda. Birdan o‘q ovozlari eshitildi. Jarohat olgan prezidentning boshi, yonida o‘tirgan ayolining yelkasiga tushib qoldi… Havaskor kamerachi tomonidan suratga olingan ushbu fojiali kadrlarni butun dunyo ko‘p marotaba ko‘rdi. AQSh prezidenti o‘z rafiqasi Jaklin Kennedi va minglab odamlarning ko‘z o‘ngida halok bo‘lgani butun Amerika xalqini shok holatiga solib qo‘ydi.
Kennedi prezidentligi
Kennedi o‘zidan oldingi prezidentlarga o‘xshamasdi. U Oq uyni taniqli yozuvchilar va madaniyat arboblari tashrif buyuradigan muvaffaqiyatli amerikaliklar klubiga aylantirgandi. Jon Kennedi nafaqat siyosatchi, balki amerikaliklarga yangi hayot umidini baxsh etgan yulduz edi. Kennediga o‘sha “Bitlz davri” prizmasidan qaraydigan bo‘lsak, u davr siyosatchilari ichida o‘ziga xos rokstar edi. Uning birinchi prezidentlik muddati 1960-yilda boshlandi.U mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan paytda AQShda iqtisodiy tanazzul, ishsizlik va irqiy adolatsizlik kabi bir qator qiyinchiliklar mavjud edi. Uning ichki siyosati amerikaliklar uchun yangilik bo‘lib tuyuldi, chunki ikkita konservativ qarashlarga ega bo‘lgan prezidentlardan keyingi Kennedining liberal qarashlari xalqqa dalda beruvchi kuchga ega bo‘ldi. Masalan, u barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni himoya qildi va soliqlarni kamaytirishga ham harakat qildi.
Oyga yo‘l
Kennedi SSSRni hamma narsada quvib o‘tishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi va kosmik rejalar uning eng ustuvor vazifasi bo‘ldi. Xususan, uning prezidentlik davrida ilk bora Oyga uchish dasturlari yarala boshladi. “Men ishonaman, bu millatning o‘n yillik oxirigacha erishishi kerak bo‘lgan bitta katta maqsadi bor. Bu maqsad odamni oyga yuborish va uni Yerga eson-omon qaytarishdir. Hech qanday kosmik loyiha bundan-da muhim bo‘la olmaydi…”, degan edi Kennedi.Tashqi siyosat
Tashqi siyosiy vazifalar bilan shug‘ullanish esa u uchun ancha qiyin kechdi. Dunyodagi urushlar 1961-yilda uni Tinchlik korpusini tuzishga undadi. Qog‘ozda ushbu agentlik jahon davlatlari o‘rtasida tinchlikni saqlash uchun ishlab chiqilgan, aslida esa urush zaiflashtirgan mamlakatlarda kommunizmning tarqalishini oldini olish usuli edi.Karib inqirozi
Vyetnam urushi va Kubadagi Fidel Kastroning kommunistik rejimini ag‘darishga qaratilgan urinishlar AQSh uchun samarasiz yakunlandi. Kastro rejimidan norozi kubaliklardan foydalanish rejasi ham amalga oshmadi. AQSh tomonidan Kubaga tashlangan bu isyonchilar bir necha kun ichida o‘ldirildi va Kuba Sovet Ittifoqiga yaqinlashdi, bu esa AQSh uchun yangi muammolarni keltirib chiqardi.Kubada Karib inqirozi boshlandi. Dahshatli yadroviy zarba berishga tayyor bo‘lgan Amerika va SSSR dengiz flotlari Kubaga yo‘l oldi. Xavf juda katta – qaysidir tomondan hujum boshlansa, bu yadroviy urushga aylanib ketishi mumkin edi. Shuning uchun Kennedi va Xrushchev kelishib oldi: Moskva o‘z raketalarni Kubadan, AQSh esa Turkiyadan olib chiqdi. Bir tomondan, bu deyarli butun dunyoni urushdan saqlab qoldi, ikkinchi tomondan esa AQSh prezidentining reytinggi qulay boshladi.
Dallasga tashrif
1963-yilda AQShda prezidentlik uchun yangi kurashlar boshlandi. Bu safar Kennedi tomonidan Texas shtatining Dallas shahriga ham saylovoldi tashviqoti bilan tashrif buyurishga qaror qilingandi, chunki avvalgi saylovlar paytida bu shahar aholisi Kennediga emas Niksonga ovoz bergan edi. Shu sababli, shaxsan prezidentning o‘zi kelib, saylovchilar bilan suhbatlashishi yomon fikr emasdi. Prezident kortejining harakatlanish yo‘nalishi 18-noyabr kuni tasdiqlangan bo‘lib, Kennedi kelishidan ikki kun oldin mahalliy aholiga e’lon qilindi.Kennedi Dallasga kelganida, prezident kolonnasi vaqtni boy bermasdan shahar markaziga yo‘l oldi. Usti ochiq limuzinda Kennedi bilan birga yana uch kishi bor edi: rafiqasi Jaklin va Texas gubernatori Jon Konnali o‘z rafiqasi Nelli bilan. Saylovchilar bilan uchrashgandan keyin Kennedi gubernator va mahalliy siyosatchilar o‘rtasidagi nizoni hal qilishi kerak edi. Biroq kortej markazga yetib borar ekan, Li Harvi Osvald o‘z qurolini Kennedining boshiga o‘q uzish uchun tayyorlardi. U atrofdagi binolardan unchalik farq qilmaydigan bino – Texas maktabidagi kitoblar omborining 6-qavatiga joylashib olgan edi.
Pentagon va Markaziy razvedka boshqarmasi mutaxassisi Fletcher Proutining aytishicha, kutubxona binosida ham boshqa barcha binolar singari derazalar ochiq edi. Agar u yerda maxsus agentlar o‘z ishlarini odatdagidek bajarganida, bitta ham oyna ochilmagan bo‘lardi.
O‘q ovozlari
Prezident limuzini kerakli nuqtaga borishi bilanoq, birinchi o‘q ovozi yangradi. Hamma ham nima bo‘lganini tushunmadi, baland qarsaklar tufayli bu atrofdagilarga feyerverklar ovoziday tuyuldi. Bundan tashqari, aksariyat tinch aholi umrida hech qachon harbiy miltiqdan otilgan o‘q ovozini eshitmagandi. O‘q Kennedining bo‘yniga tegdi. Faqatgina Texas gubernatori buni tushundi, chunki u urush faxriysi edi va o‘q ovozini shubhasiz tanirdi.Old o‘rindiqda o‘tirgan gubernator Konnali Kennedi tomonga qayrilib qaragan paytda, prezident allaqachon tirsaklarini egib, mushtlarini qisib, tomog‘ini mahkam ushlab olgan edi. Mashina soatiga 18–20 kilometr tezlikda harakatlanayotgandi, odamlar nima bo‘lganini tushunmadi. Jon Konnali aylanayotgan paytda yana bir o‘q ovozi yangradi – o‘q prezidentning boshiga tegdi.
O‘qlar soni bo‘yicha tortishuvlar
Jon Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng deyarli darhol o‘qlar soni bo‘yicha tortishuvlar boshlandi. Ba’zilar uchta, boshqalari esa ikkita o‘q otildi dedi, bitta “sehrli o‘q” nazariyasi paydo bo‘ldi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qotillikdan keyin darhol guvohlarni so‘roq qilishni boshladi. Umuman olganda, politsiya prezidentga qilingan hujumning kamida uch nuqtasini ko‘rib chiqdi. Biroq respondentlarning 50 foizi kitoblar omborining 6-qavatiga ishora qildi. Ya’ni Osvald soatiga qariyb 20 kilometr tezlikda harakatlanayotgan mashinada o‘tirgan prezidentning bo‘yniga va boshiga 80 metr masofadan turib besh soniya ichida uch marta o‘q uzgan edi.Osvaldning qismati
Qotillikdan deyarli bir yarim soat o‘tgach, gumondor Li Xarvi Osvald hibsga olindi va kechqurun unga rasmiy ayblov e’lon qilindi. U ertasi kuni so‘roq qilindi, ammo Osvald hamma narsani, shu jumladan, dalillar bilan tasdiqlangan faktlarni ham rad etdi.24-noyabr, yakshanba kuni Osvaldni Texas okrug qamoqxonasiga olib borishmoqchi bo‘lishdi va politsiya binosining yerto‘lasidan olib chiqishayotganda jurnalistlar ichidan sakrab chiqqan Jek Rubi Osvaldni pistolet bilan otib tashladi. O‘sha kuni Osvald prezident Jon Kennedi olib borilgan kasalxonada vafot etdi. Tez orada Jek Rubi ham qamoqxonada vafot etdi...
Konspirologiya dengizi
So‘nggi 57 yil ichida Jon Kennedining o‘ldirilishi borasidagi rasmiy versiyaga qarshi jiddiy dalillar bazasi shakllanmadi. Shu sababli, bugungi kunda ushbu voqea atrofida fitna nazariyalari to‘lib toshdi va Kennedi keysi konspirologlar uchun bitmas tuganmas fantaziyalar maydoniga aylanib qoldi.O‘tkazilgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, amerikaliklarning aksariyat qismi (70 foizdan ortig‘i) rasmiy xulosalarga ishonmaydi. Kennediga qarshi suiqasd Amerika tarixining katta sirlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident Tramp o‘z saylovoldi dasturlarida agar prezident bo‘lib saylansa, Kennedi o‘limi bo‘yicha maxfiy hujjatlarni oshkor qilishini aytgan edi, biroq 2017-yilda hujjatlarni oshkor qilish “milliy xavfsizlikka tahdid solishi” mumkinligi sababli oshkor qilmaslikka qaror qilganini e’lon qildi.
Kennedilar fojiasi
Prezident Kennedining oilasidagilar ham ayanchli taqdirga duch keldi. 1968-yilda Jon Kennedining prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan ukasi Robert Kennedi ham qotil tomonidan otib o‘ldirildi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)