Professional boksning yengil vazn toifasida (-55,2 kg) faoliyatini boshlagan o‘zbekistonlik Abdulhay Shorahmatov (2-0, 2 KO) 22-noyabr, yakshanba kuni o‘zining ikkinchi jangini o‘tkazdi.
Shorahmatov Polsha poytaxti Varshavada tashkil etilgan boks oqshomida mezbon Robert Niedzvedtskiga (0-3-1) qarshi ringga chiqdi. Abdulhayning ikkinchi raundda ketma-ket yo‘llagan kuchli zarbalaridan so‘ng polshalik bokschi nokaut holatiga tushib qoldi.
Shu tariqa 6 raundga mo‘ljallangan jang 2-raunddayoq yakuniga yetdi. Ta’kidlash o‘rinli, ushbu jang polshalik bokschi vazn me’yorini bajara olmagani uchun -55,2 kg vazn toifasida emas, balki -57,1 kg vazn toifasida o‘tkazilgan.
Abdulhay Shorahmatov esa professional boksdagi ikkinchi jangini ham muddatidan avval nokaut bilan yakunlashga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik 24 yoshli bokschi professional boksdagi ilk jangini 2020-yil 8-fevralida filippinlik Benji Ebidoga qarshi o‘tkazgan va raqibini 1-raunddayoq nokautga uchratgandi.
Qayd etish joiz, Shorahmatov Angliyaning Quensberry promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.
Ma’lumot uchun, Shorahmatov Uzbek Tigers jamoasi safida WSB musobaqasi doirasida oltita jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. -56 kg vazn toifasida uch marta O‘zbekiston chempioniga aylangan. Shuningdek, u Islom birdamlik o‘yinlari g‘olibi sanaladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)