O‘zbekiston ikkinchi marta suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarishi haqida avvalroq xabar berilgandi. Umumiy qiymati 750 million dollar bo‘lgan dollar va o‘zbek so‘mida denominatsiya qilingan xalqaro obligatsiyalar London fond birjasiga joylashtirildi.

Foto: “Daryo”

Bloomberg agentligi ushbu tadbirni yoritgan holda bunga AQShdagi prezidentlik saylovi qisman yordam bergan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Agentlikning qayd etishicha, Jo Baydenning g‘alabasi va koronavirusga qarshi vaksina yaratilishidagi yutuqlar haqidagi ma’lumotlar investorlarning xatarli aktivlarga bo‘lgan qiziqishini orttirdi, O‘zbekiston esa bu vaziyatdan foydalanishga qaror qildi.

“O‘zbekiston bu yil iqtisodiy o‘sishni namoyish etgan kam sonli davlatlardan biriga aylanishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Foto: Bloomberg

Agentlik tahlilchilarining fikriga ko‘ra, reytingi investitsiya darajasidan uch pog‘ona pastda bo‘lgan O‘zbekistonda yevrobondlar tufayli iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun barcha imkoniyatlar mavjud — Bayden g‘alaba qozonganligi haqidagi xabardan so‘ng investorlar yana rivojlanayotgan bozorlarga e’tibor qaratdi va ushbu yevrobligatsiyalarga sarmoya kiritishga tayyor.

“Renessans Kapital” vakili Sofiya Donetsning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston koronavirusga qarshi mintaqadagi qo‘shnilariga qaraganda yaxshiroq kurasha oldi va 2020-yilda iqtisodiy pasayishning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli davlatlardan biriga aylandi.

O‘zbekistonning birinchi yevrobondlari 2019-yil fevral oyida joylashtirilgandi. Ikkinchi joylashtirishda ishtirok etishni rejalashtirgan Berlindagi Capitulum Asset Management GmbH kompaniyasining investitsiya bo‘yicha bosh direktori Luts Remeyerning so‘zlariga ko‘ra, birinchi joylashtirish yaxshi o‘tgandi, chunki investorlarni mamlakatning past qarz darajasi jalb qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 17-noyabrdan boshlab AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Avstraliya va BAAdan bo‘lgan qariyb 90 nafar investor bilan audiokonferensiyalar o‘tkazgan.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dollarda denominatsiya qilingan transhning miqdori 500 million dollarni tashkil qiladi. Daromadliligi 4,25 foiz miqdorida o‘rnatilgan mazkur transh 10 yil muddatga chiqariladi. Uni so‘ndirishning oxirgi muddati 2030-yilning noyabr oyi hisoblanadi. So‘mda denominatsiya qilingan yebrobondlarning qiymati 250 million dollarga teng. Ularning daromadliligi 15,25 foiz etib belgilangan bo‘lib, mazkur transh 3 yil muddatga chiqariladi. Ikkala transh ham London fond birjasiga joylashtirildi.