O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova 20-noyabr kuni tongda hayotdan ko‘z yumdi. Aktrisaning to‘ng‘ich o‘g‘li Furqat Ahmedov uning vafot etganini “Daryo”ga tasdiqladi.

Foto: MuhayoAli

“Onam yiqilib, etlari biroz lat yegandi. Ammo ahvollari ancha yaxshilangandi. Bugun tongi 07:30 da esa jonlari uzildi”, — dedi Furqat Ahmedov.

Eslatib o‘tamiz, bir necha oy avval xonanda Ozoda Nursaidova va Yulduz Turdiyevalar aktrisaning betobligini eshitib, uning holidan xabar olishgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Klara Jalilova 1937-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Aktrisa faoliyatini qo‘shiqchilikdan boshlagan. 1958-yilda suratga olingan “Maftuningman” filmidagi bosh qahramon Yulduzxon obrazi aktrisaga mashhurlik olib kelgan.

“Maftuningman” filmidan lavha.

Foto: “Kino-teatr.ru”

Klara Jalilova “Chinor ostidagi duel”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Kulol va xumcha”, “So‘nggi lahza” kabi filmlarda rollar ijro etgan.