Samarqand viloyatida yuk mashinasini boshqarib ketayotgan Turkiya fuqarosi yo‘ldan o‘tayotgan piyodani urib ketdi, deya xabar bermoqda IIV.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi M-37 xalqaro avtomobil yo‘lining 44-kilometrida Navoiy–Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan 1965-yilda tug‘ilgan Turkiya fuqarosi boshqaruvidagi yuk mashinasi yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tayotgan mast piyodani urib yuborgan.
“Yomg‘ir yog‘ardi, yo‘lda hech kimsa yo‘q edi. Yo‘lning ajratib turuvchi to‘siqlar ustidan piyoda sakrab o‘tdi. Tormoz bosishga imkonim qolmadi. Atrofdan yordam so‘radim, lekin yordam bo‘lmadi”, – deydi haydovchi.
YTH oqibatida 40 yoshli piyoda tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada Damas’ni ruxsatsiz haydagan 11 yoshli bola 2 yashar qizning o‘limiga sababchi bo‘lgani, Qashqadaryoda YTH sodir etgan haydovchiga voqeaga aloqasi yo‘q kishi kelib tan jarohati yetkazgani hamda Shahrixonda Spark mast piyodani urib ketgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)