Yarim yengil vazn toifasida harakat qiluvchi UFC jangchisi Zabit Magomedsharipov 2021-yilgi musobaqalardan birining asosiy jangida ishtirok etadi.
Bu haqda uning menejeri Rizvon Magomedov xabar qildi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi noma’lum.
“Zabit ishtirokidagi jang yanvar oyidagi musobaqalardan birining asosiy voqeasi bo‘ladi, u besh raundlik jangda ishtirok etadi. Yair Rodriges — ishonchli variant emas, u bir necha bor jangdan chiqib ketdi va shundan keyin ham juda ko‘p gapirmoqda”, — deydi Magomedov.
29 yoshli Magomedsharipov professional MMA bilan 2012-yildan buyon shug‘ullanib keladi. U so‘nggi bor 2019-yilning noyabrida jang qilgan va unda Kelvin Kattarni mag‘lub etgandi. U MMA’da 18 marta g‘alaba qozonib, bir marta mag‘lubiyatga uchragan.
Zabit Magomedsharipov ishtirokidagi barcha janglarni tomosha qiling (video)
Zabit va Yair o‘rtasidagi jang avgust oyida bo‘lib o‘tishi belgilangan, biroq Rodrigesning jarohati sabab bellashuv qoldirilgandi. Avvalroq bu ikki jangchi UFC 254 musobaqasida to‘qnash kelishi mumkinligi aytilgan, biroq bu ham amalga oshmagandi.
Ma’lumot uchun, rossiyalik yakkakurashchi yarim yengil vazn toifasi reytingida 3-o‘rinda bormoqda, Rodriges esa undan keyingi o‘ringa joylashgan. Mazkur divizion chempioni Aleksandr Volkanovski hisoblanadi.
Izoh (0)