Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov unga “sassiq gapirgan” marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan audio tarqaldi. Audioda hokim jurnalistlar haqidagi fikrlarini ham bildirgan. Bu haqda “Kun.uz” xabar qilmoqda.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Tarqalgan audio parchasida viloyat hokimi dastlab jurnalistlar haqida gapiradi.

“O‘tgan kuni jurnalistlar bilan press-konferensiya o‘tkazdim. 50 ta tashkilotni chaqirishibdi, shular bilan savol-javob qilamiz deb. Hammasini haydab yubordim.

Men bilan savol-javob qilish deyapman, men javob beraman. Bular hammasi mening topshirig‘imni bajargan. Nima savoling bo‘lsa, ber. Ikki yarim soat gapirgandim. Savol berisholmadi bittasi ham.

Endi dedim, qizig‘i chiqmay qoladi, dedim. Bir-ikkita savol berib qo‘yinglar, dedim. ‘Qichiq’ savol bergisi keldi-da. So‘zimni boshida aytib qo‘ydim: Eshitishib ol, Toshkentdan kelgan bo‘lsang ham, qayerdan kelgan bo‘lsang ham, men ishlaydigan hokimman, dedim. Hamma narsamni, sog‘lig‘imni ham tikib qo‘yyapman, dedim. Menga qichiq savol berishmagin, dedim. ‘Normalniy’ savol ber, ‘normalniy’ gaplashamiz, dedim. Agar qitig‘imga tegsang, men qo‘yvoraman, dedim.

Qattiqroq gapirib yuboraman, ertaga hammayoq sensatsiya bo‘lib ketadi. ‘Normalniy’, sog‘ odamga o‘xshab gaplash men bilan, dedim.

Baribir ularniki qo‘zib turadi-yu, aylantirib kelgandi bir-ikkitasi tarsillatib urib qo‘yganimdan keyin hech narsa deyolmasdan uyoqqa borib, boshqa familiya bilan bir narsalar chiqarib yotibdi.

E, erkakmisan, hezalak, o‘zingni nomingdan yoz! Menga Hasanboy kelib qatnashyapti, uyoqqa borib Husanboyning nomidan chiqarishyapti”, – degan Shuhrat Abdurahmonov.

Andijon viloyati hokimi audio davomida Marhamat tumanidan bo‘lgan uch ayolni 15 sutkaga qamatganini aytadi.

“Charchab chiqsam 5-6 odam qabulda turgan ekan, qabul qilmayman, dedim. Keyin ular rosa shallaqilik qildi o‘sha yerda. Mana hozir shunaqa ‘miliy’ bo‘lib o‘tirishibdi, 15 sutkaga qamatib qo‘yganimdan keyin...

Kechaginda Marhamatda yig‘ilish o‘tkazsam, yig‘ilish qilayotgan paytimda tashqarida bittasi baqiryapti. Chiqsam, beshta shallaqi. Ikkitasi nogiron, uchtasi anaqa. Nogironga tegmadim, uchovini olib kirib tiqib qo‘ydim 15 sutkaga. Ana, marhamatliklar bo‘lsa, aytsin: shunaqa jimjit bo‘lib qoldi Marhamat ham.

Marhamatga kelganda yuragim bezillardi. 5-6 ta xotinning dastidan. Tiqib qo‘ydim oborib. Hamma narsani gapiraveradimi?

Og‘ziga zeb beruvdi. Shart hujjat qildirdim, olib kirittirib qo‘ydim. Viloyat hokimiga, prezident vakiliga sassiq gapirgani uchun. Davlat bor, Xudoga shukr”, – degan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “tarbiyaviy soat”ida.

Ushbu audio qachon va qayerda yozib olingani ma’lum emas. Audioda har zamonda odamlar kulgisi eshitilib turganidan hokim bu qandaydir yig‘ilishda, ko‘pchilikning ichida aytganini anglash mumkin.

Audioda Shuhrat Abdurahmonov o‘ziga “sassiq gaplarni gapirgani” uchun 15 sutkaga qamattirgani aytilgan ayollar shu yilning 26-oktabr kuni Andijon viloyati hokimligi binosi oldida aholi tomonidan norozilik uyushtirgani taxmin qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarda ushbu ayollar viloyat hokimligiga ko‘mir va ijtimoiy yordam ajratilishini so‘rab, aksariyat fuqarolar esa oziq-ovqat narxlarining oshib ketishiga yechim izlab kelgani aytiladi.

Tarqalgan audioyozuv yuzasidan viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

“Mazkur audioyozuv Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovga tegishli ekani, ammo ushbu audioyozuv bundan ikki yil muqaddam yozib olingani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, audioyozuvda viloyat hokimining bildirgan fikrida barcha OAV vakillariga emas, aksincha ayrim noxolis OAV xodimlariga nisbatan aytilganligini bilish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova tumandagi fermerlar bilan uchrashuvda ularni “maraz”, “iflos” deb haqoratlagan, soya o‘simligi bilan bog‘liq rejani bajarmagan fermerlarga yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan audioyozuv tarqalgan edi. Andijon viloyati hokimligi ushbu holat yuzasidan tuman hokimiga ogohlantirish berish bilan cheklangan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
YCHL. “Bavariya” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi, “Marsel” 5 ta gol urilgan o‘yinda “Sporting” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 4-oktabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Belgorod shahri osmonida noma’lum uchqun paydo bo‘ldi (video)