Samarqand viloyatidagi 25 foiz elektr energiyasi iste’molchilari 11-noyabr soat 22:51 da elektr energiyasiz qolgan. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasidan ma’lum qilishlaricha, bunga O‘zbekiston va Turkmaniston energiya tizimlarini bog‘lab turgan L-511 liniyasining favqulodda o‘chishi sabab bo‘lgan.
L-511 liniyasining favqulodda o‘chishi ortidan O‘zbekiston energotizimida 740 mKV elektr energiyasi tanqisligi yuzaga kelgan, SAON avtomatika tizimi ishlab ketgan. Oqibatda Samarqand viloyatida L-Panjikent, L-PTF, L-Bulung‘ur-1, L-Bulung‘ur-2, Anhor, Xatirchi, Juma 110 kilovatt liniyalari, Damariq, Oqoltin, Mehnat 35 kilovattli liniyalari avtomatik tarzda o‘chirilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi matbuot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, Samarqand viloyatining elektrsiz qolgan hududlaridagi ta’minot 23:39 da O‘zbekistonning o‘zidagi zaxira imkoniyatlarini ishga solish hisobiga qayta tiklangan. 12-noyabr tongi holatiga ko‘ra, viloyatdagi elektr energiyasi iste’molchilarining 8 foizida cheklovlar saqlanib qolmoqda.
Avvalroq Energetika vazirligi 2020-yilda elektr energiyasidagi uzilishlar soni va davomiyligi ikki baravar kamaygani haqida ma’lum qilgandi.
Mavzuga doir:
- O‘zbekiston elektr energetika kompleksiga 457 million dollar yo‘naltiriladi.
- “Energiya eksporti hajmi import bilan teng. Biz importchi mamlakatmiz deyishimiz noto‘g‘ri” – Energetika vaziri o‘rinbosari
- Andijonda chiroqlari elektrdan qarzdorlik sabab o‘chirib qo‘yilgan qorong‘i trassadagi YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Izoh (0)