Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida jinoyatchining savodsizligi politsiyaga sodir etilgan bola o‘g‘irligini ochishda yordam berdi. Bu haqda Times of India xabar beradi.
2020-yilning 26-oktabr kuni Xardoy shahrida yashovchi 8 yashar bolakay buvisinikiga ketayotib yo‘qolib qolgan. Xuddi shu kuni bolaning ota-onasiga o‘g‘irlab ketuvchi tomonidan sms-xabar kelgan. “Sitapurga 200 ming rupiy (salkam 2700 dollar) olib keling”, − deyiladi xabarda. – “Politsiyaga xabar bermang, aks holda o‘g‘lingiz o‘ldiriladi”. Matnda “Sitapur” va “politsiya” so‘zlari xato yozilgan.
Keyinchalik bola o‘ldirilgan holda topilgan. 4-noyabr kuni uning qarindoshlari huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilgan. Dastlab telefon raqami egasi gumon qilingan, ammo u o‘qishni va yozishni ham bilmaydigan odam bo‘lib chiqdi.
Politsiya ishlashda davom etib, tez orada jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana 10 kishini hibsga olgan. Gumon qilinuvchilar orasidan jinoyatchini topish maqsadida ulardan telefon qurilmasida “politsiya” va “Sitapur” so‘zlari qatnashgan matn yozish talab qilingan.
Shunda gumonlanuvchilardan biri xuddi sms-xabardagi xatolarga yo‘l qo‘ygan. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘g‘irlab ketilgan bolaning uzoq qarindoshi. U bola o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblanib, hibsga olingan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)