Davlat xavfsizlik xizmati va departament xodimlarining Sirdaryo viloyatida tezkor tadbiri o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.
Tadbirda viloyat kardiologiya dispanserida bosh hisobchi lavozimida ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroni Qozog‘istondagi tanishlari orqali Chimkent shahridagi oliy ta’lim muassasasining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga undan 2700 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shu bilan birga, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti xodimi 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
U mazkur pul mablag‘i evaziga tanishlarining yordami orqali fuqaroni Rossiyaning Qozon Federal universitetining turizm fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda kollejga kiritib qo‘yish evaziga fuqarodan 400 dollar olayotgan shaxs, Buxoroda YHXB xodimiga 400 ming so‘m pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi hamda Toshkentda jarima to‘lamaslik evaziga fuqarodan 300 dollar so‘ragan gaz ta’minoti idorasi xodimlari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)