“Real”ning bir yo‘la ikki futbolchisi La Liga doirasida o‘tgan “Valensiya”ga qarshi o‘yinda (1:4) jarohat oldi.
Madridliklar yarim himoyachisi Federiko Valverde uchrashuvda jiddiy jarohat oldi. 22 yoshli futbolchining o‘ng oyoq boldir suyagida chatnash yuzaga kelgan.
AS versiyasiga ko‘ra, urugvaylik futbolchining tiklanishiga kamida bir oy vaqt ketadi. Jarohatning jiddiylik darajasiga qarab tiklanish jarayoni 1,5-2 oyga cho‘zilishi mumkin.
Shuningdek, Karim Benzemada ham jarohat kuzatildi. Karim uchrashuvning 76-daqiqasida zaxiraga olindi. O‘yindan keyin ma’lum bo‘lishicha, futbolchining son mushaklarida muammo paydo bo‘lgan.
Marca’ning xabar qilishicha, Benzemaning jarohati u qadar jiddiy emas va futbolchi FIFA kunlaridan keyin bo‘lib o‘tadigan “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinga (21-noyabr) qadar safga qaytadi.
Eslatib o‘tamiz, “Real”da himoyachilar Nacho, Alvaro Odriosola va Dani Karvaxal jarohat olgan. Shuningdek, Eder Militao, Kazemiro va Eden Azar koronavirus sabab karantinda bo‘lib turibdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)