O‘zbekistondagi mavjud 17 ta ixtisoslashgan respublika tibbiyot markazlarini hududiy tibbiyot muassasalari bilan bog‘lash zarur. Markazlardagi murakkab jarrohlik amaliyotlari, yangi diagnostika va davolash uslublari viloyat, tuman va shahar shifoxonalariga translyatsiya qilinishi kerak. Bu haqda ayni paytda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Majlisda davlat rahbari Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tizimi haqida ham so‘z yuritdi.
“Toshkent shahrida shifokorlar bilan ta’minlaganlik darajasi 87 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, 1 mingdan ziyod tor soha shifokorlariga ehtiyoj mavjud. Bugungi kunda poytaxtda 40 mingdan ortiq tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatib, ularning ish haqiga har yili 850 milliard so‘m ajratiladi. Eng og‘ir ahvol Uchtepa va Olmazor tumanlarida bo‘lib, tor soha shifokorlari yetishmasligi sababli nafas yo‘llari, oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha respublikada eng yuqori o‘rinlarda turadi.
Poytaxtda sog‘liqni saqlash tizimi butunlay izidan chiqib ketgan, tartib, intizom, so‘rov yo‘q. Aholi bundan butunlay norozi desak, bu ham haqiqat. Shahar shifoxonalarida birorta bemorning ishi, afsuski, pulsiz bitmaydi. Shuning uchun shahar sog‘liqni saqlash tizimiga yangi rahbar tayinlab, uning maqomi vazir o‘rinbosari etib belgilandi. Alimov, Ortiqxo‘jayev yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy mamlakatlar, xususan, Turkiyaning sog‘liqni saqlash tizimini atroflicha o‘rganib, uni Toshkent shahrida joriy qilish bo‘yicha o‘z taklifini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasida ishlab kelayotgan Anvar Alimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining avvalgi boshlig‘i Botir Isabekov avgust oyida mazkur lavozimni tark etgandi.
Izoh (0)