Britaniyaning Imspex Diagnostics kompaniyasi mijozda nafas olish yo‘llari orqali koronavirusni bir necha soniya ichida aniqlay oladigan test ishlab chiqdi. Bu haqda 2-oktabr kuni BBC-Ukrainaga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ushbu usul Edinburg va Dortmund klinikalarida 100 nafar bemorda sinovdan o‘tkazilgan va muvaffaqiyatli natija ko‘rsatgan. Yaratilgan qurilma nafas namunalarini tahlil qilib, undagi nafas olish kasalliklari turini aniqlashga imkon beruvchi beqaror kimyoviy elementlarni qidiradi.
Test ushbu elementlardan COVID-19’ni aniqlay olgan. Keyinchalik, COVID-19 borligi boshqa test usullari bilan tasdiqlangan. Shu bilan birga, testlar koronavirusni boshqa kasalliklardan — astma yoki bakterial pnevmoniyadan ajrata olgan.
Imspex Diagnostics rahbari Santi Domingesning bildirishicha, agar yetarli mablag‘ ajratiladigan bo‘lsa, qurilma olti oy ichida ommaviy foydalanishga tayyor bo‘ladi.
Izoh (0)