Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida ikki nafar piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan haydovchi ushlandi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30-oktabr kuni 22:30 larda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani IIB navbatchilik qismiga Chirchiq—Yangibozor—O‘rtasaroy hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida noma’lum transport vositasi ikki nafar piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
“O‘g‘lim bilan mashinani to‘xtatmoqchi edik, avtomobil chiroqlarini o‘chirib qochib ketishdi”, — deydi guvohlardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, avariyani oq rangli “Jiguli” avtomobili sodir etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil 42 yoshli Nargiza ismli ayol va 44 yoshli Anvar ismli erkakni urib yuborgan.Piyodalardan biri olingan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etgan.
Olib borilgan qidiruv ishlari davomida 31-oktabr kuni avariyani sodir etgan “VAZ-21013” avtomobili va uning haydovchisi topilgan. “Qarama-qarshi tarafdan mashina kelayotgan edi, chiroqlar yorug‘idan ko‘zlarim qamashib ketdi. Qasddan qilganim yo‘q. Vafot etgan kishi yo‘limga chiqib qoldi”, — deydi haydovchi.
Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda o‘ziga tegishli bo‘lmagan mashinani boshqargan haydovchi ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)