Turkiya g‘arbida yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 51 kishiga yetdi. “RBK”ning Sözcü va TRT Haber’ga tayanib xabar berishicha, bu haqda respublika favqulodda holatlar va tabiiy ofatlar agentligi ma’lum qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilziladan 896 kishi jabrlangan. Ularning 682 nafari shifoxonalardan chiqarilgan, qolgan, 214 nafari davolanishda davom etmoqda.
Zilzila 30-oktabr kuni tushdan keyin Turkiyaning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan, uning kuchi 6,6 ballni tashkil etgandi. Zilzila epimarkazi Egey dengizida, Izmir viloyatining Seferihisar shahri yaqinida bo‘lgan.
Yer silkinishi kuchi Gretsiya orollarida ham sezilgan. Grek seysmologlari uning kuchini 6,9 ball deb baholadi. Zilzila oqibatida Gretsiyaning Samos orolida ikki kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohat oldi. Orolda 6 oylik favqulodda holat e’lon qilindi.
Zilzilada halok bo‘lgan yoki jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum qilingan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyada yuz bergan zilzila sababli Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga hamdardlik bildirgan.
Izoh (0)