1-noyabr buyuk “Otello” tragediyasi ilk bor namoyish qilingan sana hisoblanadi. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Rahimjon Qudratov ushbu asar haqida fikrlarini bildiradi.
Buyuk dramaturg Shekspir tomonidan 1603-yilda yozilgan, deb taxmin qilinadigan va 1604-yilning 1-noyabr kunida ilk bor sahnalashtirilgan “Otello” tragediyasi haqida ko‘pchilik adabiyot muxlislari eshitib ulgurgan. Biroq kitobxonlarning hammasi ham “Otello” va Shekspir qalamiga oid boshqa ko‘pgina kitoblar, misol uchun, “Gamlet” va “Makbet” kabi durdona asarlar aslida original emasligi, ya’ni tamomila boshqa asarlar mazmuni asosida yozilganidan xabardor bo‘lishmasa kerak.
Xo‘sh, Bokachchoning shogirdi bo‘lmish Jiraldo Chintioning “Venetsiya mavri” asari asosida yozilgan “Otello” tragediyasi hanuzgacha qadr-qiymatini yo‘qotmay kelayotganining boisi nima? Tomoshabinlarning barchasi sahna ko‘rinishini tomosha qilishdan oldin namoyish etiladigan voqea-hodisalar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishsa-da, sahna ko‘rinishini katta qiziqish bilan tomosha qilishlarining sababi nimada? San’atdagi yaratuvchanlik asarning umrboqiyligiga xizmat qiladi.
Shekspirning eng buyuk asarlari boshqa kitoblar asosida yozilgan bo‘lishiga qaramay, Shekspirga xos yaratuvchanlik va tasvir asarlarining o‘z ta’sir kuchini saqlab qola olishiga sabab bo‘la oldi. Hech qachon eskirmaydigan va bir-biridan farqli bo‘lgan irqchilik, muhabbat, rashk, xiyonat, qasos va afsus-nadomat kabi turli mavzularga bag‘ishlangan, insoniy tuyg‘ular va munosabatlarning achchiq taqdirini tasvirlaydigan “Otello” tragediyasi bugungi kunda ham professional teatr sahnalarida namoyish etiladigan asosiy asarlardan biri bo‘lib, ko‘plab, opera, film va adabiy asarlar uchun manba vazifasini o‘tab kelmoqda.
Bu tragediya Shekspirning boshqa sahna ko‘rinishlaridan farqli ravishda o‘rta asrlarga oid davrlar hamda turli ins-jinslar yoki ruhlar haqida so‘zlamaydi, aksincha, o‘n oltinchi asrdagi voqealarni o‘z ichiga oladi. Shu sababli ham Shekspir asarlari ichida o‘z davriga eng yaqin asar ayni shu “Otello”dir.
Qallobmi yoki daho?
Shekspirni hatto o‘z davrida ham ko‘chirmakashlikda ayblagan kishilar bo‘lgan. Bundan tashqari, bir necha asrlar o‘tsa-da, Shekspir ijodi atrofidagi bahs-munozaralar o‘z yakunini topmadi, va hattoki o‘z davrining buyuk yozuvchilari ham bu bahslarga aralashib, o‘z munosabatlarini bildirdi. Ba’zilar uning asarlarini haddan ziyod maqtashsa, boshqalar bu asarlar ortiqcha e’tiborga arzimaydi va ularning mashhurligi haddan ziyod bo‘rttirilgan, deb hisoblaydi.Taniqli shoir Pushkin o‘z yozgan maktublarining birida Shekspir va uning asarlari haqida: “Hodisaning rostgo‘yligi va dialogning chinligi – mana tragediyaning haqiqiy qonuni… Men Kalderonni ham, Vegani ham o‘qigan emasman, biroq Shekspir, bu qanchalar hayratda qoldiradigan inson! Hayajondan haligacha o‘zimga kelolmayman! Bayron tragik sifatida unga tenglasha olmaydi”, degan maqtov fikrlarni bildirgan bo‘lsa, Shekspirning keskin tanqidchilaridan biri bo‘lgan Tolstoy “Men Shekspir asarlarini o‘qib, o‘zim kutgan estetik zavqni topmadim”, deb yozadi va uning asarlarini tanqid qilib, bir nechta maqolalar bitadi.
Yozuvchilar o‘rtasidagi bu kabi ixtiloflar hali ham o‘z yechimini topmagan va munozaralar hanuz davom etib kelmoqda. Demak, kitobxon Shekspirning buyuk yoki aksincha, oddiy yozuvchi ekani to‘g‘risidagi qat’iy fikrga kelishi uchun uning barcha asarlarini o‘qib chiqishi va shundan so‘nggina ularga baho berishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Uning shoh asarlaridan bo‘lmish “Otello” tragediyasining mazmuniga to‘xtalib o‘tsak.
Fojianing mohiyatida nima yotadi?
Yagoning hiylasiga chuv tushgan Otello rafiqasi Dezdemonani bo‘gib o‘ldirishi shunchaki haddan ziyod rashk va mulohaza qilmaslik natijasida ro‘y bergan, o‘zi kichik, ammo oqibati katta xato edimi? Fikrimcha, yo‘q. Dezdemonaning o‘limi shunchaki bir insonga bo‘lgan ishonchning emas, balki insoniyatga bo‘lgan ishonchning yo‘qotilishi natijasida sodir bo‘ldi. Otello hayoti ustuni bo‘lgan qadriyatlarning asosiysi bo‘lmish ishonchdan mosuvo bo‘lgach o‘z oldida qotillik tarzidagi isyondan boshqa yo‘l ko‘rmadi.Yuzaki qaraganda, rashk tufayli sodir etilgan oddiy qotillik bo‘lib ko‘ringani bilan, bu fojiaviy harakat zamirida o‘z hayoti tizginini qo‘ldan boy bergan, munosabatlardagi muvozanatning yo‘qotilishiga duch kelgan qahramonning bu kabi tartibsizliklarga qarshi isyoni yotadi. Otello isyon qildi. U pok muhabbatning toptalishiga qarshi isyon qildi. Nafaqat insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, balki butun olam mavjudligining asosida tartib va qonun-qoidalar yotishini hisobga olib, muhabbatning ham o‘z qonunlari borligini anglab yetish mumkin.
Albatta, Otello uchun vafodorlik – ilk qoida. Kishi xuddi Otelloga o‘xshab, kerak bo‘lsa, o‘zining butun boshli hayotini mana shunday qoida va qadriyatlarga teng ko‘rishi mumkin. Hayot ahamiyatini belgilab beruvchi ana shunday muqaddas qoidalar buzilganda inson chorasiz ahvolga tushib qoladi. Axir butun boshli hayotingiz muayyan bir qadriyatlar tizimiga asoslansa-yu, siz ularning toptalishiga duch kelsangiz, qanday qilib odatiy tarzda yashashda davom etish mumkin? Bu ilojsiz tuyuladi.
Otello ham qotillikdan boshqa iloj ko‘rmadi. Ammo aslida ham u haq edimi? Barchamizga ma’lumki, yo‘q, Otello adashdi, uning soddaligidan foydalangan Yago o‘z manfaatlarini ko‘zlab, uni aldagan edi. Shekspir inson ruhiyatining nozik tomonlarini ochiqlar ekan, nafaqat ishonch va sadoqat eng muhim xislatlar ekanini, balki insonning ezgu xislatlarini (misol, soddaligi) uning o‘ziga qarshi ishlatish orqali uni batamom halokatga uchratish mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Tragediya nafaqat sadoqat hamda vafo, balki ishonuvchanlik, aldov va qasos masalalarini ham birdek qamrab oladi. Bu yerdagi muammoni bir necha bosqichlarda kuzatib, tahlil etish mumkin. Inson ruhiyati bosqichida – kishi xarakterining nuqsonlarini; o‘zaro munosabatlar bosqichida – manfaatlar o‘rtasidagi kurashni; undan ham yirikroq bosqichda esa – jamiyat pok muhabbat va munosabatlar uchun xavfli makon ekanligini kuzatar ekansiz, asar faqatgina Dezdemona yoki Otelloning emas, balki muhabbat hamda hayotga bo‘lgan ishonchning halokatiga ishora qilayotgandek tuyulaveradi...
Iqtiboslar:
- “Ba’zida unutish – eng yaxshi da’vo”.
- “U meni boshimdan kechirgan xatarlarim tufayli sevardi. Men esa uni mana shu mehribonchiligi uchun sevardim”.
- “Kishining ezgu nomi qalb gavhari kabidir. Kimdir mening hamyonimdan boylik o‘g‘irlasa, bu hech narsa emas. Bu boylik oldin ham kimlarningdir mulki edi, bundan keyin ham minglab insonlarning mulki bo‘lib xizmat qiladi. Biroq mening ezgu nomimni mendan o‘g‘irlaydigan kishi bu orqali boyib qolmasa-da, mening qashshoqlashishimga sabab bo‘lib qoladi”.
- “Kishi ko‘ringanidek bo‘la olishi lozim”.
- “Uning zolimligi mening jonimni olishi mumkin, ammo hech qachon muhabbatimni o‘zgartira olmaydi”.
Izoh (0)