O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 30-oktabr kuni Seul shahrida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadigan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir kun tartibidan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish va xalqaro sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mintaqaviy siyosatning eng dolzarb masalalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tadi.
Forum ishida O‘zbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari bilan bir qatorda Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston prezidentlari va boshqalar ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida videoanjuman shaklida o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zlagandi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti aprel oyida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitida ham ishtirok etgandi.
Izoh (0)