Toshkent viloyati Chirchiq shahrida poyezd vagoni ustida selfiga tushmoqchi bo‘lgan 14 yoshli yigit yuqori kuchlanishli tok urishi oqibatida og‘ir tan jarohati oldi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 12-oktabr kuni soat 14:20 larda to‘rt nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi poyezd vagoni ustida suratga tushish bo‘yicha o‘zaro garov bog‘lagan. Ular “Chirchiq temiryo‘l bekati”ga kelgan va poyezd vagoni ustiga birinchi bo‘lib chiqqan 14 yoshli Ruslanni temiryo‘l ustiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishdagi elektr toki urgan.
Ma’lum qilinishicha, Ruslan selfiga tushish maqsadida qo‘lidagi telefonini yuqoriga ko‘targan vaqtida 27 ming volt kuchlanishga ega elektr simlariga tegib ketgan. U yiqilib tushgan va yona boshlagan. Hozirda u shifoxonada og‘ir ahvolda yotmoqda.
Avvalroq Samarqandda yuk poyezdi quloqchin taqqan yigitni urib ketmaslik uchun favqulodda to‘xtashni amalga oshirgan, shuningdek, Samarqandda temiryo‘l relsiga tosh qo‘yib qo‘ygan 40 yoshli erkak qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)