Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova tumandagi fermerlar bilan uchrashuvda ularni “maraz”, “iflos” deb haqoratlagan, soya o‘simligi bilan bog‘liq rejani bajarmagan fermerlarga yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aks etgan audioyozuvi tarqalgani haqida xabar berilgandi. Andijon viloyati hokimligi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlardagi Bo‘ston tumani hokimi deya aytilayotgan audioyozuv yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Aniqlanishicha, haqiqatan ham audioyozuv Bo‘ston tumani hokimi S.Mamitovaga tegishli ekanligi, tumandagi soya yetishtiruvchi fermerlarning soya yetishtirish va uni yig‘ib olishdagi mas’uliyatsizligi oqibatida tumanda soya hosilini yig‘ishtirib olish ishlari bir muncha ortga surilganligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman hokimi fermerdan nega soya hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olmasdan, soyani korchyovka qilib, yulib tashlashganligiga izoh so‘ragan.

Tumanda soya o‘simligini yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishda sustkashlik qilayotgan hamda o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan fermerlarning faoliyati tuman hokimining e’tirozlariga sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, tarqalgan audioyozuv uchun Bo‘ston tumani hokimi S.Mamitovaga viloyat hokimligi tomonidan ogohlantirish berilganligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi hokimlik xabarida.

Tumanda 108 ta g‘alla va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga jami 36,5 tonna soya o‘simligi ekish va yetishtirish (500 gektar ochiq maydonga, 300 gektar g‘oza qator orasiga) belgilangani ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tilgan.

Internetda tarqalgan Bo‘ston hokimi Sadbarxon Mamitovaga tegishli audioyozuvda u fermerlarga qarata haqoratli tarzda muloqot olib borgan.

Asabiy muloqot davomida hokim Mamitova fermerlarga: “Kimsan sen, o‘zingdan ketgan maraz, soya sotmagan iflos. Paxta qilmaysan, o‘zingdan ketib, iflos”, deb gapirayotganini eshitish mumkin.

Hokim “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatda “og‘zidan chiqqan so‘zlar uchun o‘zi ham xijolatda” ekanini aytgan.

Ma’lumot uchun, Sadbarxon Mamitova 2020-yil 4-mart kuni “ayollarni hokim etib tayinlash oyligi” doirasida Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi etib tayinlangan edi. Bungacha u 2007—2008-yillarda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari – tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2011—2017-yillarda Jalaquduq tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, 2019-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning fevral—mart oylarida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidan tashqari, Sirdaryoning Boyovut, Buxoroning Olot, Qashqadaryoning Qarshi, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanlariga va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga ayol hokimlar tayinlangan edi.

Ushbu tayinlovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Mazkur tayinlovlarga munosabat bildirarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev “ayollar bo‘lgan joyda adolat, poklik bo‘lishi”ni ta’kidlagan, ularga hech narsadan qo‘rqmaslikni tavsiya qilgan edi.

“Ishonaman — ayollar rahbar bo‘lgan tumanlarda adolat bayrog‘i boshqacha hilpiraydi. Biz hokimlikka saylangan rahbar ayollarimizga doim yordam beramiz, yelkadosh bo‘lamiz. Bundan keyin ham katta-katta tashkilot va kompaniyalar rahbarligiga ayollarni tayinlash tashabbusi davom etadi. Biz ularni tayyorlayapmiz. Kimlargadir bu ish yoqmas, lekin menga yoqadi”, – degandi Prezident.