Favqulodda vaziyatlar vazirligi 20-oktabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumani “Aviasozlar” bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati (BUSh)da sig‘imi 2 ming metr kub bo‘lgan sisterna yorilganini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida sakkizta uyga qisman zarar yetgan. “Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva hodisa yuz bergan posyolkada bo‘lib, uning aholisi, shuningdek, tuman ma’muriyati bilan suhbatlashdi.
Zarar
“Aviasozlar” shirkati Yangibozor—Parkent yo‘li va Parkentsoy daryosining qurib qolgan o‘zani oralig‘ida joylashgan. Uning tik qirg‘oqlari qurilish chiqindilariga to‘la. Xuddi shu yerdan posyolkaning 7-ko‘chasiga kirish joyida odamlar — zanglab ketgan bahaybat ikki sisterna fonida — bir maromda g‘ishtlarni saralayotgani, belkurakda ishlayotgani, bir-biri bilan nimalardir haqida suhbatlashayotgani ko‘rinib turibdi.Seshanba tongida sisterna uchta edi. Ularning eng kattasi hozir vayron bo‘lib yotibdi. Sisternaning yonboshlab qolgan qopqog‘i qisman tuproq ustida yotibdi. Ishchilar uni bo‘laklarga bo‘lmoqda. Har safar katta metall tabag‘idan navbatdagi bo‘lak uzilib tushganida havoda bo‘g‘iq bir ovoz muallaq qoladi — bunaqa ovozni odatda suvga kalla tashlaganingda eshitasan.
20-oktabr kuni soat 4:30 da xuddi shu sisterna qopqog‘i 499-uyga uchib tushgan edi. Shundan bir daqiqa avval esa dala hovli bekasi Irina Mirzayeva gumburlash ovozini eshitgan. O‘rnidaт tura solib, oynadan qararkan, qandaydir katta va xavfli narsa uchib kelayotganini ko‘rgan. Kuyovi Ismoil Toshpo‘latov ham uyg‘onib ketgan. U 6 yashar qizini ko‘tarib olgan va oila ortiga qaramay ko‘chaga qochib chiqqan.
Irina Mirzayevaning dala hovlisi buzilmagan. Ammo yerto‘la suvga to‘lgan, poydevor va xona devorlari bo‘ylab yoriqlar paydo bo‘lgan, ayrim derazalar singan va isitish pechi ishdan chiqqan bir vaqtda uy qulab tushmaydi deb kim kafolat bera oladi? Bundan tashqari, erining mashinasi zarar ko‘rgan va 60 ta tovug‘i cho‘kib ketgan. Ha-ya, 10 ta tovuqni amallab saqlab qola olishgan.
Irina Mirzayevaning uyidan chap tomonda Aleksandr Lobov va Kira Dobroskokning 497-sonli dala hovlisi joylashgan edi. Hozir bu oila o‘sha tunda posyolkada bo‘lmagani uchun Yaratganga shukr qilmoqda. Ular odatda suv oqimi shlakoblokli devorni oqizib kirgan xonalarda tunardi. Xonaning o‘zidan nom-nishon qolmagan.
“O‘lib ketgan bo‘lardik”, — deydi Kira Dobroskok.
Ayolga toshqin haqida dala hovlidagi qo‘shnilari xabar bergan. U shirkatga yetib kelganida suv allaqachon yo‘q, ammo yer hali nam edi.
“Suv uyimizga yopirilib kirib, so‘ng qarama-qarshi tomonga, pastga qarab oqqan”, — deya tushuntiradi Aleksandr Lobov.
Pastga qarab oqishdan avval suv Aleksandr Lobovning devori bir qismini darvozasi va hovlidagi qandaydir uy anjomlari bilan birga 495-uyning hovlisiga chiqarib tashlagan. Bu yerda Tatyana Grigoryevna yashaydi. O‘sha tongda keksa ayol gumburlagan ovozni eshitgan, xonasining oynasi ochilib ketgan.
“Shamol deb o‘ylab, oynani yopish niyatida o‘rnimdan sakrab turgandim, — deydi Tatyana Grigoryevna. — Oyna sinib ketdi, mana bu karavot tomonga qarab yiqilib ketdim. Shu zahoti turib, qochib chiqdim. Yalangoyoq, chunki hamma narsa oqib ketdi. Hammomga yugurib kirib, kiyimimni almashtirib, mana bu kalishlarni kiyib oldim va amallab nevaramga telefon qildim. Soat 04:35 edi”.
Tatyana Grigorevaning nevarasi Yevgeniya Shirokova hodisa haqida xabar berish uchun qo‘shnilarga birma-bir qo‘ng‘iroq qilib chiqayotganida onaxonning o‘zi aslida nima bo‘lganini ko‘rish uchun tong otishini kutardi.
“Balki qayerdandir sel kelgandir. To‘g‘risi, men tushunmayotgandim. Balki Parkentsoy toshdimi, deb ham o‘yladim. Ko‘p yillar avval toshib chiqqandi. U deyarli qurib qolgan, lekin tong soat beshda boshqa nima deb ham o‘ylashing mumkin bu yerda. Hech narsa ko‘rinmaydi, hamma narsa suzib yuribdi, yana g‘ovur-g‘uvur”.
Tatyana Grigoryevna uyining yon tomoniga fligel (asosiy uy yoniga qurilgan bino) qurilgani uchun ham omon qolgan. U bir tomondan Aleksandr Lobovning dala hovlisidan oqib kelgan vayrona bo‘laklari zarbini qabul qilgan. Tatyana Grigoryevnaning uyi old tomonini esa qarama-qarshi tarafdagi 488-uyning tomi qutqarib qolgan.
“Yuragim, albatta, urib turibdi. Xudoga shukr, tirik qoldim”, — deya shukronalik keltirmoqda Tatyana Grigoryevna.
Uning aytishicha, 488-uyning tomi va vayronalari darvozani to‘sib qo‘ygan. Onaxon ancha vaqtgacha ko‘chaga chiqolmagan. Yevgeniyaning o‘zi ham uy hovlisiga qurilish chiqindilari ustidan o‘tib, kirib kelgan.
“Hammayoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotgandi, — deya eslaydi Yevgeniy Shirokova. — Biz yordam kutdik. Yordam bo‘ldi, lekin dastlab uyini butunlay yo‘qotganlarga yordam berishdi”.
Tatyana Grigoryevnaning hayoti va mulkini saqlab qolgan tom Gulnora Rahmatullayevaga tegishli edi.
“Mening uyim yo‘q umuman. Yana nimani aytishim mumkin sizga?”, — deydi u.
O‘sha tongda unga ukasi telefon qilgan. Unga opasining dala hovlisini biroz suv bosgani, vaziyatni borib ko‘rish kerakligini aytishgan. Gulnora Rahmatullayeva kelib, dala hovlisi o‘rnida g‘ishtlar, taxtalar va temirlar uyumidan iborat hech narsa yo‘qligini ko‘rgan.
Hozir uning dala hovlisi vayronalari o‘rnida samovar, qozon va choynak-piyola turibdi. Ishchilar uyni qayta tiklashda ishlatish mumkin bo‘lgan materiallarni saralab olyapti.
“Ko‘nglimning bir chekkasi edi bu joy, — deya yig‘laydi Gulnora Rahmatullayeva. — Biz tez-tez bu yerda tunab qolardik. Yakshanba kuni shu yerda bolalarim, nevaralarim bilan birga bo‘lgan edim. Daraxtlar va gullarni sug‘organdik. Yaxshi saunamiz bor edi. Men bu yerga toza havodan nafas olgani kelardim, chunki bronxitim bor. Biz bu dala hovlini qachonlardir, 2006-yilda, ozgina pul orttirganimizda sotib olgandik. Har yili uyoq-buyog‘ini imkon qadar obod qilardik. Hamma narsam bor edi. Oshxona, ikkita muzlatgich, yotoq, karavotlar. Hamma-hammasi chil-parchin bo‘ldi”.
U oilaviy dala hovlini qanday qilib qayta tiklash haqida o‘ylayapti. Ayol buning uchun qancha pul kerak bo‘lishini hatto o‘ylashga ham qo‘rqadi. Uning aytishicha, oilada uy qurish va hatto devor ko‘tarishga ham ortiqcha mablag‘ yo‘q. Uch nafar farzandi oliygohda kontrakt asosida o‘qiydi, oilaning butun daromadi o‘qish pulini to‘lashga ketadi.
Biz — soliq to‘lovchilarmiz
“Aviasozlar” shirkatida 600 dan ortiq dala hovli bor. Aleksandr Lobovning aytishicha, hozir birorta uyda suv yo‘q. Ehtimol, o‘z qudug‘i borlarning suv muammosi yo‘qdir. Lekin, uning aytishicha, bu quduqlardagi suv texnik, chunki quduqlarning chuqurligi 20-30 metrni tashkil etadi, sisternalar esa 160 metr chuqurlikdagi artezian quduqdagi suv bilan to‘ldirilardi. Posyolkaga ichimlik suvini hozircha suv tashuvchi mashinalar olib kelib turibdi.Aleksandr Lobov “kichik Sardoba” deb atayotgan o‘sha falokat yuz bergan tongda posyolkadagi elektr ta’minoti shoshilinch ravishda o‘chirilgan. Transformator aynan yorilib ketgan sisterna orqasida joylashgan. Hozir elektr ta’minoti qayta tiklangan, biroq u “endi bizga svet ortiq kerak emas”, deydi.
Aleksandr FVV va OAV falokat oqibatida uylar qisman zarar ko‘rdi, deb yozganidan g‘azabda, chunki chorshanba kuni ekskavator uning yashash uchun ortiq yaroqsiz bo‘lgan dala hovlisini tag-tugigacha buzayotgan edi. Faqat basseyn butun qolgan. Endi Aleksandr devorni qaytadan ko‘tarib, “butun qolgan hamma narsa”ni saqlash uchun kichikroq imorat qurmoqchi. Boshlanishiga hovlini vayrona qoldiqlaridan tozalab olish kerak.
Parkent tumani hokimligi posyolkaga “Toza hudud” korxonasining bir necha ishchisini yuborgan, lekin ular orasida yoshi kattalar ham bor. Bunday mehnat bilan shug‘ullanish ular uchun og‘irlik qiladi. Dala hovlilarning egalari vayronalarni tezroq saranjom qilish qayg‘usida. Ular bu yerda “marodyorlik boshlanmay turib” omon qolgan mol-mulklarini asrab qolish uchun ishdan majbur bo‘lib, javob so‘rab kelgan.
Yevgeniya Shirokovaning so‘zlariga ko‘ra, uylarni tunda shirkat raisi Ulug‘bek Abdullayev qo‘riqlab chiqyapti. U hozir ham charchoqdan qizarib ketgan ko‘zlari bilan shu yerda turibdi. Payshanba kuni uning qon bosimi keskin ko‘tarilib ketgan, vaholanki, avvallari unda “davleniya” degan narsa yo‘q edi.
Ulug‘bek Abdullayevning aytishicha, shirkatga kislorod ballonlari kerak bo‘lgan. U ertalabdan ballon izlagan, o‘z hisobidan sotib olgan. Aytishicha, yollanma ishchilarning mehnat haqini ham o‘z yonidan to‘layapti.
“Shirkatimiz boshlig‘iga ko‘mak ko‘rsatishlari, texnika berishlari uchun bizga hozir davlatning yordami kerak, — deya tushuntiradi Ismoil Toshpo‘latov. — Ulug‘bek aka o‘z yonidan pul ishlatib, hammayoqqa yugurib yuribdi, mana bularni oddiygina kesib olish, tozalash uchun kislorod topolmay halakmiz. U uyoqqa boryapti, buyoqqa boryapti, lekin hech qayerdan yordam yo‘q”.
“Axir biz hammamiz soliq to‘lovchilarmiz-ku”, — deydi xafsalasi pir bo‘lib Anvar aka. Uning 486-uyi qo‘shni 488-ning vayronalari sabab qisman buzilgan. Ne baxtki, o‘sha falokatli tongda uning oilasi ham posyolkada bo‘lmagan. Uyining devori buzilib ketgan. Teshilib qolgan ikki xona yarmigacha g‘ishtlar bilan to‘lgan hamda qandaydir mebel va texnika qalashtirib tashlangan.
“Balki yordam berishar, balki berishmas. Har narsa bo‘lishi mumkin. O‘rnini qoplab berishlarini xohlaymiz”, — deya gapni qisqa qildi Anvar aka.
Sabablar
Kira Dobroskokning aytishicha, sovuq mavsum boshlanishi bilan sisternalar har doim bo‘shatib qo‘yilardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20-oktabr kuni sisterna to‘lib-toshib ketgan. Bosimni ko‘tara olmay, eng katta sig‘imli sisterna yorilib ketgan.“Biz bu dala hovlida 20 yildan beri yashaymiz, — deya so‘zida davom etadi Kira Dobroskok. — Odamlar qishda suvni kichkina bochkadan chelaklab olar edi, sisternalarning o‘zi esa bo‘sh turardi. Ularni tozalab, tekshiruvdan o‘tkazishlari kerak edi. Qishda suv iste’moli ko‘p bo‘lmaydi-ku, bu yerda ko‘p odam yashamaydi”.
Aleksandr Lobovning qo‘shimcha qilishicha, sisterna devorlaridan muntazam suv sizib chiqib turgan. Vaqti-vaqti bilan yoriqlarni payvandlab turishgan. Biroq bu bochkalar eski ekani, ularni yangilash kerakligini aholi ko‘pdan beri biladi. “Bunga juda-juda katta pul kerak”, — deydi u.
Shirkat raisi Ulug‘bek Abdullayevning ta’kidlashicha, bochkalar to‘lib-toshmagan, bosim esa normada bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shirkatning bir vaqtlar aviazavodda ishlagan aholisi korxona arxivi bilan bog‘lanib, bu sisternalar 1977-yilda 20 yilga foydalanish kafolati bilan o‘rnatilganini aniqlagan. Hozir Ulug‘bek Abdullayev inshoot hujjatlarini topishga urinmoqda.
Gulnora Rahmatullayeva hech kimni ayblayotgani yo‘q va yaqindagina lavozimga o‘tirib, mana bunday muammoga to‘qnash kelgan shirkat raisiga hamdard.
“Kim aybdor, nima sababdan bunday bo‘ldi, bunisi endi meni qiziqtirayotgani yo‘q. Mening uyim tep-tekis bo‘lib ketdi baribir. Ikki kun yig‘ladim. Bu yerga toza havodan nafas olgani kelardim. Kim aybdor, nega bunday bo‘ldi, to‘g‘risini aytsam, hech kimga gapirmoqchi emasman. Asosiysi, yordam berishsin”.
Sisterna kimniki?
Parkent tumani hokimligining sanoatni rivojlantirish va kapital qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Shavkat Akramovning “Gazeta.uz”ga tushuntirishicha, hukumat qarori bilan tasdiqlangan bog‘dorchilik-uzumchilik shirkat (BUSh)lari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, BUSh — bu jismoniy shaxslar tomonidan ko‘ngilli tarzda tashkil etiladigan notijorat tashkilot. Bundan tashqari, BUSh — bu o‘z shtampi, muhri va bankda hisob-raqamiga ega bo‘lgan yuridik shaxs.BUSh shirkat a’zolarining a’zo bo‘lish vaqtidagi va har oylik badallari hisobidan faoliyat ko‘rsatadi. BUSh aholisini kommunal va boshqa xizmatlar ta’minlash uchun shirkat tegishli korxonalar bilan shartnomalar tuzadi va bu xizmatlarni uy xo‘jaliklariga sotadi.
Shavkat Akramovning ta’kidlashicha, tuman hokimligi hodisa oqibatlarini bartaraf etishda yuridik shaxsga yordam berishga majbur emas. Shunga qaramay, tuman ma’muriyati muammoni hal qilish bo‘yicha shtab tashkil etish haqida ko‘rsatma bergan va hududni tozalash uchun texnikani bepul ajratib bergan.
Shavkat Akramovning qo‘shimcha qilishicha, texnik mutaxassislarga zarurat tug‘ilsa, shirkat davlat idoralariga murojaat qilishi va xizmat ko‘rsatilishi uchun ular bilan shartnoma tuzishi kerak.
Bundan tashqari, tuman hokimligi “Aviasozlar” shirkatining jabrlangan aholisiga garov yoki daromad manbayi borligi haqidagi ma’lumotnoma asosida past foizli mikrokredit va boshqa ko‘rinishda qarz olishda ko‘mak ko‘rsatadi, degan Shavkat Akramov.
Quduq, sisterna va nasoslar “Aviasozlar” shirkati hududida joylashgani bois, sisterna uchun shirkatning o‘zi mas’ul hisoblanadi, deydi shirkat raisi Ulug‘bek Abdullayev. Shu bois falokat oqibatlarini bartaraf etish va uylarni qayta tiklashda davlat budjetidan moliyaviy yordam kutish o‘rinsiz. Biroq, raisning ta’kidlashicha, u ikki yil avval lavozimga kirishgan vaqtida “Aviasozlar” shirkati hududidagi gidroinshootlar bo‘yicha hech qanday hujjatni qabul qilib olmagan.
FVVning harakatlari
Yevgeniya Shirokovaning turmush o‘rtog‘i Bahodir Alimov favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mahalliy boshqarma faoliyatidan norozi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20-oktabr kuni shirkatga FVVning bitta vakili kelib, bir necha surat olib, qaytib ketgan.“FVV nega tuzilgan o‘zi? Texnogen falokatlarning oldini olish uchun, nuqul yuz bergan hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun emas. Ular buni oldindan ko‘ra bilishi kerak. Ularda mana shunday favqulodda vaziyatlarga moyil obyektlarning kadastri, ro‘yxati bo‘lishi kerak, — deydi u. — Ular bunday obyektlardan foydalanayotganlarga, uning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib, taqdimnomalar kiritishi kerak. Qanday tekshiruvlar o‘tkazilishi, reglamentlar o‘rnatilishi, qanday xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha. FVVning o‘zi ham ma’lum bir davriylik asosida kelib, tekshirib turishi kerak. SES kelib tekshiradi-ku”.
Bahodir Alimovning fikricha, agar FVVning o‘zida tegishli mutaxassislar bo‘lmasa, chet tashkilotlardan ekspertlar jalb etilishi, ular “maxsus uskunalar yordamida o‘lchashi”, kamchiliklarni aniqlashi va ularni bartaraf etish zarurligi haqida ogohlantirishi kerak.
“Biz shundoqqina yaqinida yashaymiz. Biror marta chakka o‘tmagan, — deya qo‘shimcha qiladi Bahodir Alimov. — Shuncha o‘tgan vaqtdan beri biror marta tekshiruv ham bo‘lmagan”. Rais Ulug‘bek Abdullayev uning so‘zlarini tasdiqlab, boshini qimirlatib qo‘yadi.
“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, FVV haqidagi nizomga muvofiq, vazirlik favqulodda vaziyatlarni yuzaga keltiradigan xavf omillari va tahdidlarni aniqlashi, gidroinshootlarning texnik holati ustidan nazoratni amalga oshirishi zarur.
Gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar inshootdan foydalanuvchi tashkilot tomonidan, BUSh bilan bog‘liq vaziyatda shirkatning o‘zi tomonidan ko‘rilishi kerak. Biroq gidrotexnik inshootlarni tekshirishda foydalanuvchi tashkilot — “Aviasozlar” shirkati nazorat qilinishi kerak. FVV matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shirkatning sisternadan foydalanishi ustidan nazorat Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi kerak (tahririyat maqola chop etilishi oldidan qo‘mitadan izoh ololmagan).
“Javobgarlik ogohlantiruvchi choralarni ko‘rmagan FVVning zimmasida. Bu ularning bevosita majburiyati edi, — deydi Bahodir Alimov. — FVV vakili keldi. U shu yerda aylanib, butun tumanga bitta o‘zi mas’ul ekani va hech narsa qila olmasligini aytdi. Texnika va mutaxassislari bo‘lmasa ham, harakat reglamenti bor-ku. Bu holatda nima qilishi kerak, kimga xabar berishi kerak? Axir u hodisa oqibatlarini ko‘rdi-ku. Tumanda texnika bo‘lmasa, viloyatdan jalb etsa bo‘ladi-ku. Suv boshqa dala hovlilarga ham kirib boryapti”.
Bahodir Alimov posyolkaga birorta ham texnik mutaxassis kelmagan, kerakli hisob-kitoblar, o‘lchovlarni qilmagan bo‘lsa, tergov qanday qilib falokat sabablarini aniqlarkin, deb hayron bo‘lmoqda.
“Jinoyat ishi qo‘zg‘atishibdi. Ular aybdorni izlashadi, sabablarni aniqlashadi. Hammasi og‘izda. Bu yerda qandaydir ekspertiza bo‘lishi kerak-ku. Sisternani hozir bo‘laklarga bo‘lib tashlashayotgan bo‘lsa, qanday aniqlaysan?”.
Hodisa sabablarini bilish zarur, chunki bu kabi sisternalar boshqa xo‘jaliklarni ham suv bilan ta’minlaydi. Bahodir Alimovning qayd etishicha, bu kabi falokatlarning takrorlanishi oldini olish kerak.
FVV matbuot xizmatidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, Parkent tumanida yuz bergan hodisa favqulodda vaziyat hisoblanadi. Sisterna yorilishi oqibatlarini bartaraf etishga vazirlik kuch va vositalari jalb etilgan. Suv haydab chiqarilgan, hududlar chiqindidan tozalangan, shuningdek, qayta tiklash ishlari amalga oshirilgan.
Izoh (0)