Samarqand shahridagi ikkita ko‘chaga turli yillarda Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan A’zamxon Bahromov va O‘ktam Barnoyev nomlarini berish taklif qilindi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Bunday taklif 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Samarqand viloyati xalq deputatlari Kengashining sessiyasida bildirildi.
A’zamxon Bahramov 18-oktabr kuni 60 yoshida vafot etdi. U 2006–2008 yillarda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. 2017-yildan boshlab viloyatning Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lib ishlagan.
O‘ktam Barnoyev esa 20-sentabr kuni 55 yoshida koronavirus oqibatida vafot etdi. U 2008-2010 yillarda Samarqand viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. 2020-yilning fevral oyidan boshlab u O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
“Zarnews” nashrining yozishicha, Qo‘shrabot tumanidagi “Mustaqillik” mahallasidagi ko‘chaga ham A’zamxon Bahromov nomini berish taklif qilingan.
Izoh (0)