Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi rulon kabi o‘raladigan televizorni 2019-yilning boshlarida taqdim etgan, biroq uning savdosini surib kelayotgan edi. Oradan ikki yil o‘tib do‘konlar peshtaxtasida ushbu televizor paydo bo‘ldi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
LG Signature OLED TV bu — rulon shaklida o‘raladigan birinchi televizor. Yig‘ilgan holatda u xuddi keng tagkursiga o‘xshaydi, biroq yoqilganida tom ma’noda korpusidan chiqib keladi. Buni egiluvchan OLED panel yordamida amalga oshirishga muvaffaq bo‘lingan, ammo bu turdagi konstruksiya qancha muddat xizmat qilishi noma’lum.
Bu mutlaqo dizaynerlik yechimi hisoblanadi — konstruksiyaning o‘ziga xosligini ta’minlaydigan birgina funksiya mavjud. Maxsus rejimni yoqish orqali korpusdan displeyning faqatgina bir qismini chiqarish va u orqali vaqt, ob-havo hamda boshqa foydali ma’lumotlarni kuzatish mumkin.
LG kompaniyasi “rulon-televizor”ni CES 2019 ko‘rgazmasida taqdim etgandi, biroq u endigina sotuvda paydo bo‘ldi. Televizor Janubiy Koreyadan tashqarida ham sotilish yoki sotilmasligi hozircha noma’lum. Koreyaning o‘zida ushbu televizor narxi 100 million vonni (88 ming dollar) tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida LG “rulon-smartfon” tayyorlayotgani, qurilma ekrani korpusdan tortib chiqarilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)