IIV YHXBB “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga qo‘yilgan “O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi” taklifga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: “Daryo”

Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda A toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun 16 yoshga, B va BC toifaga ega bo‘lish uchun 18 yoshga hamda D toifaga ega bo‘lish uchun esa 21 yoshga (jumladan, tramvay va trolleybuslar) to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilib kiritilgan va bu talablar Yo‘l harakati to‘g‘risidagi (1968-yildagi Vena konvensiyasi) konvensiya normalariga mosdir.

16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar o‘rganib chiqildi.

Misol uchun: Shvetsiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatlarida xuddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan mototsikllarni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o‘quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o‘qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg‘imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarur.

16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi xislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “men” degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, oliftalikni yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

IIV YHXBB axborot xizmati

Shuningdek, IIV YHXBB O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lgan o‘g‘il-qizlar tomonidan haydovchilik guvohnomasini olib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilayotganlar statistikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishgan. Qayd etilishicha, 2020-yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 191 nafar fuqarolar halok bo‘lgan, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshlarida “Mening fikrim” portaliga sug‘urta polisi yo‘qligi tufayli avtotransport vositasini jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqidagi petitsiya joylashtirilgan va u parlamentda ko‘rib chiqish uchun yetarli bo‘lgan 10 000 dan ortiq ovoz to‘plagandi. Sentabr oxirlarida esa avtomobilning sug‘urtasi yo‘qligi uchun jarima maydonchasiga joylashtirish amaliyoti bekor qilindi.