1997—1998-yillarda muxlislar e’tiboriga havola etilgan xonanda Bonuning “Qora tun” qo‘shig‘i haligacha sevib tinglanadigan xit taronalardan biri hisoblanadi. Bonuning “O‘zbekiston”, “Yolg‘izman”, “Afsona”, “Bonuman” kabi qo‘shiqlari ham ommalashgan.

O‘z davrining eng mashhur va sevimli xonandalaridan biri bo‘lgan Bonu nima sababdan san’atni tark etgan hamda u hozir nima bilan band, degan savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Uzoq yillar mobaynida ko‘rinmay qolgan xonanda yaqinda bir necha YouTube kanallarga intervyu berdi hamda hozirgi hayoti haqida so‘zlab berdi.

Asli ismi Mahbubabonu bo‘lgan xonandaning aytishicha, u 2010-yilda hijobga kirib, Qur’on tilovat qila boshlagan.

“Hayotimdagi sinovlar tufayli ijodimda tanaffus bo‘lib qolgan paytda vaqtdan unumli foydalanish maqsadida namoz o‘qishni boshladim, Qur’on va hadis kitoblarni o‘qidim, salovatlarni tingladim. Diniy kitoblarni o‘qib chiqqanimdan so‘ng san’at yo‘li qiz bola uchun to‘g‘ri yo‘l emasligini tushunganman”, — deydi xonanda.

Ko‘pchilik Bonuning san’atdan ketishiga mashhur xonanda ayolning taqiqlari sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi, biroq Bonuning aytishicha, bu asossiz mish-mishlar xolos.

“O‘zbek estradasidagi qaysidir xonandaning hayotida baxtsizlik bo‘lsa, odamlar darrov ushbu holatni o‘sha mashhur xonanda bilan bog‘lashadi. Lekin hech qaysi hofiz yoki hofizaning mening hayotimdagi sinovlarimga ta’siri bo‘lmagan. Bu o‘zi taqdirimga yozilgan sinovlar bo‘lgan”, — deydi xonanda.

“Yulduzlik onlaringizni, muxlislaringizni, san’atni sog‘inasizmi?”, degan savolga Bonu quyidagicha javob beradi:

“Menga ko‘pchilik shu savolni beradi. Lekin men o‘zim xohlaganimdek yulduzlik darajasiga erisha olmaganman. O‘zimni hech qachon yulduzdek his etmaganman. Shuning uchun ham san’atni tark etganman”.

Bonu hozirgi kunda reklama agentligida hisobchi lavozimida faoliyat yuritadi. Uning aytishicha, ko‘cha ko‘yda yurganida, ish bilan turli tashkilotlarga borganida odamlar uni tanimaydi. Bir necha intervyulardan keyin esa taniy boshlashgan.