Avstriya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenbergda koronavirus tasdiqlandi. Shu haftada u Belgiya TIV rahbari Sofi Vilmes bilan muloqot qilgan bo‘lib, unda ham COVID-19 borligi tasdiqlandi. Bu haqda “Korrespondent.net” Avstriya TIV vakiliga tayanib xabar bermoqda.

Sofi Vilmes.

Foto: EPA

Shallenberg 12-oktabr kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan Yevropa ittifoqi Tashqi ishlar kengashi majlisida virusni yuqtirib olgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Avstriya vazirida koronavirus kasalligi simptomlari yo‘q. Virus rejali tekshiruv chog‘ida aniqlangan.

Belgiya tashqi ishlar vaziri ta’kidlashicha, uydan tashqarida qo‘llagan ehtiyot choralarini hisobga olganda, unga virus oila a’zolarining biridan yuqqan bo‘lishi mumkin. Bu haqda u o‘z Twitter’ida yozgan. Sofi Vilmes hech kimning koronavirusga chalinmasligi kafolatlanmaganini qo‘shimcha qilib, obunachilarini bir-birini ehtiyot qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada o‘tgan bir kecha-kunduzda 32,4 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalindi, bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalroq Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 17-oktabr kuni tan soqchisida koronavirus aniqlanganidan keyin karantinga olingan edi.