NASA kosmik agentligi Oy yuzasida mobil aloqa tarmog‘ini qurishga 14,1 million dollar ajratdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Flickr

Ta’kidlanishicha, mobil tarmoqdan tadqiqotlar uchun Marsga yo‘l oladigan astronavtlar foydalanadi. Oy bazasida 4G yordamida barcha texnika va transport ishlaydi, tadqiqotchilar esa o‘zaro bog‘lanishi va fayllarni almashishi mumkin bo‘ladi.

NASA “Artemida” loyihasi doirasida 2024-yildan boshlab Oyni qayta o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Agentlik Yerning tabiiy yo‘ldoshiga ikki kishidan iborat ekipaj jo‘natadi. Ular bir hafta davomida Oy yuzasida yashaydi. Agarda barchasi omadli kechsa, 2028-yilga borib Oyda bir guruh astronavtlardan iborat to‘laqonli baza quriladi — u kamida 15 yil xizmat qilishi kerak.

Shu bilan birga, Oyda zamonaviy 5G aloqa tarmog‘idan foydalanish rejalashtirilmagan. Buning uchun millimetrli diapazon uchun ko‘proq bazaviy stansiya kerak bo‘ladi, shu sababli Nokia kompaniyasi sinovdan o‘tgan 4G tarmog‘idan foydalanish niyatida.

Avvalroq NASA Oyga eltuvchi eng qisqa yo‘lni patentlagandi. 2020-yilning iyul oyida esa NASA va Yaponiya AQShning Artemis dasturi bo‘yicha hamkorlikda ishlash to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan. Shuningdek, imzolangan yangi kelishuvga Rossiyaning kiritilmasligi AQSh tomonidan 2020-yilning may oyida ma’lum qilingandi.