Jasoratli Charli Chaplin fashizmga qarshi “Buyuk diktator” filmini Ikkinchi jahon urushi allaqachon Polsha, Belgiya va Gollandiyani qamrab olgan 1940-yilda katta ekranlarga chiqargan edi. “Daryo” shov-shuvlarga sabab bo‘lgan film tarixi haqida hikoya qiladi.
Natsizmni parodiya va masxara qilgan ajoyib lentaning kassasi katta muvaffaqiyatlarga erishdi, o‘z o‘rnida tanqidchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi, shuningdek, butun dunyoga Gitler va uning atrofidagilar mafkurasining bema’niligini namoyish etdi. Filmni suratga olish 1939-yil sentabrda, Uchinchi Reyx armiyasi Polshaga bostirib kirganidan bir hafta o‘tgach boshlandi. Ko‘pchilik ushbu film boshqa ko‘plab Gitlerga qarshi filmlar singari ekranga chiqa olmasligiga ishongan edi.
“Buyuk diktator” – bu Chaplinning juda katta tijorat muvaffaqiyatiga erishgan, ammo siyosiy jihatdan qarama-qarshi bo‘lgan birinchi ovozli filmidir. Charli Chaplin komediyaning klassikasiga aylangan bo‘lsa-da, ijodkorning sovet mafkura tarafdori sifatida obro‘sining pasayishiga hissa qo‘shdi va bu oxir-oqibat uni 1952-yilda AQShdan haydab chiqarilishiga sabab bo‘ldi.
“Buyuk diktator” kinoasarining qisqacha mazmuni
Kinoasarning bosh qahramoni yahudiy sartaroshi bo‘lib, u Tomaniya (Germaniya uchun kinoya) deb nomlangan mamlakat rahbariga ikki tomchi suvday o‘xshash bo‘ladi. Sartarosh samolyotdagi baxtsiz hodisadan so‘ng xotirasini yo‘qotadi va kasalxonaga yotadi. Bu yerda u yolg‘iz yashaydi va kasalxona devorlari tashqarisida nima bo‘layotganini bilmaydi.Tomaniya diktatori Adenoid Xinkel (Adolf Gitlerga ishora) barcha yahudiylarga qarshi ayovsiz qirg‘in va kurashni boshlaydi. Uning azaliy orzusi butun dunyoga yakka hukmronligini qo‘lga kiritish. Diktatorning asosiy va yagona muammosi armiya uchun zarur bo‘lgan katta miqdordagi pul. Ularni berishga tayyor bo‘lgan yagona kishi bu katta bankir Epshteyn. Bu pullarga erishish uchun Xinkel hattoki mamlakatdagi yahudiy aholisiga qarshi kurashni to‘xtatishga tayyor ...
Kelib chiqishi sartarosh bo‘lgan bosh qahramon avval natsistlar joylashgan Gettoga, keyin esa konslagerga boradi. Konslagerdan u Shultz ismli sadoqatli do‘sti bilan birgalikda fashistlarning formasini kiyib, qochib ketadi. Harbiylar bosh qahramoni sartaroshni Adenoid Xinkel bilan adashtiradi. Haqiqiy diktatorning o‘zi esa daryo bo‘yida tinchgina baliq ovlardi. Endi butun dunyo taqdiri oddiy yahudiy sartaroshining qo‘lida qoladi...
Filmdagi ismlarning aksariyati atayin fashistlarga ishora qilib o‘ylab topilganini ko‘rish mumkin. Adenoid ismi Adolf Gitlerni eslatadi va uning yordamchisi Garbich (inglizcha axlat degani) Gebbelsga o‘xshaydi. Diktatorning ittifoqchisi bo‘lgan Benzino Napaloni nomi Benito Mussoliniga tegishli.
1940-yil oktabrda film AQShda, dekabrda Buyuk Britaniyada namoyish etildi. “Buyuk diktator” Parijni ozod qilgandan keyingina 1945-yil aprelida Fransiyaga yetib keldi. Ispaniyada va Yaponiyada aniq sabablarga ko‘ra, lentani namoyish qilish taqiqlangandi. Ba’zi guvohlar Gitlerning o‘zi filmni ko‘rgan va shu filmdan so‘ng u Charli Chaplinni shaxsiy dushmani deb e’lon qilganini aytdi. Kinoasarda yuqoridagi o‘xshashliklardan tashqari o‘sha paytda butun dunyoni larzaga solib kelgan Diktator qiyofasidagi sartaroshning otashin nutqidir. Charli Chaplin aynan shu nutq orqali fashizm va insoniyatning qanchalik abgor ahvolga kelib qolganini anglatdi.
Kinoasardagi otashin nutq
Chaplin bir necha oy davomida mashhur filmining yakunlovchi nutqini tayyorladi va qayta-qayta diqqat bilan ko‘rib chiqdi. Natijada, Ikkinchi jahon urushi paytida tinchlikni ta’minlashga chaqiriq paydo bo‘ldi. Holbuki, mazkur nutq hozirgi vaqtga qadar dolzarbdir. Quyida o‘sha nutqni keltirib o‘tamiz:-Kechirasiz, lekin men imperator bo‘lishni xohlamayman. Bu mening ishim emas. Men hech kimni boshqarishni yoki zabt etishni xohlamayman. Men hammaga – iloji bo‘lsa yahudiy, yahudiy bo‘lmagan, qora tanli va oq tanli odamga yordam berishni xohlardim. Barchamiz bir-birimizga yordam berishni xohlaymiz. Odamlar shunday. Biz azob chekish bilan emas, bir-birimizning baxtimiz bilan yashashni xohlaymiz. Biz bir-birimizdan nafratlanishni va bir birimizni kamsitishni sira xohlamaymiz. Bu dunyoda hamma uchun joy yetarli. Unumdor va mehribon zaminimiz har kimni ta’minlashi va qornini to‘ydirishi mumkin. Hayot yo‘limiz erkin va chiroyli bo‘lishi mumkin edi, ammo biz yo‘ldan adashdik.
– Ochko‘zlik inson qalbini zaharladi, dunyoni nafratga to‘ldirdi, bizni qashshoqlik va qon to‘kishga sudrab ketdi. Biz tezlikni rivojlantirdik, lekin o‘zimizdan ortda qoldik. Farovonlik beradigan texnika bizni muhtojlikda qoldirdi. Bizning bilimimiz bizni zaharxanda qildi. Bizning aqlimiz endilikda toshday sovuq, qattiq va mehrsiz. Biz juda ko‘p o‘ylaymiz va juda oz his qilamiz. Mashinalar va texnikalardan ham ko‘proq bizga insoniylik kerak. Aql-idrokdan tashqari, bizga mehr va yumshoqlik kerak. Ushbu fazilatlarsiz hayot zo‘ravonlikdan iborat bo‘lib qoladi va insoniyat yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi...
“Samolyot va radio bizni yaqinlashtirdi. Ushbu ixtirolarning mohiyati odamlarni mehr-oqibat, umumiy birodarlikka chorlaydi. Hozir ham mening ovozim butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga, millionlab umidsiz erkaklar, ayollar va yosh bolalar – gunohsiz odamlarni qiynoqqa solishga va qamoqqa olishga majbur qiladigan tizim qurbonlariga yetib boradi.
– Meni eshitganlarga aytaman: tushkunlikka tushmang! Hozir boshimizga tushgan baxtsizlik bu shunchaki o‘tmish sarqiti bo‘lgan ochko‘zlik, taraqqiyot yo‘lidan qo‘rqqan odamlarning achchiqlanishi xolos. Xalqdagi nafrat asta-sekin so‘nadi, diktatorlar o‘ladi va ular xalqdan olgan kuch xalqqa qaytadi. Odamlar o‘lishi mumkin, ozodlik esa hech qachon o‘lmaydi.
– Askarlar! Sizni xo‘rlaydigan, sizni qulga aylantiradigan, go‘yoki hayotingizni asrab qo‘yadigan, nima qilish kerakligini, nimani o‘ylashingizni va nimani his qilishingizni siz uchun hal qiladigan hayvonlar bilan salomlashmang! Sizni ular o‘qitadi, ovqatlantiradi, sizga hayvonga qilgan kabi muomala qiladi, sizni bir xalta go‘shtday qurbon qiladi. O‘zingizni yuraklari va aqllari mashinaga aylanib qolgan ushbu jirkanch odamlar qo‘liga topshirmang! Siz mashina emassiz! Siz chorva emassiz! Siz erkaklarsiz! Insoniyatga bo‘lgan muhabbat yuraklaringizda yashaydi! Siz nafratlanmaysiz! Nafrat biz uchun, aslida, umuman yot narsa! Askarlar! Qullik uchun kurashmang! Erkinlik va hurlik uchun kurashing!
Filmning suratga olinishi xalqaro ziddiyatning yuzaga keltirdi. Qo‘shma Shtatlar va Germaniya o‘rtasidagi neytral munosabatlarga zarar yetkazmaslik uchun ushbu film chiqarilmasligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Bu esa Chaplinning boshqa studiyalardan moliyaviy va ijodiy jihatdan mustaqil ekani sababli sodir bo‘lmadi. Bundan tashqari, namoyishning qoldirilishi Chaplinni bankrotlikka olib kelar edi, chunki u filmga 1,5 million dollar sarmoya kiritgan edi.
Filmdan keyingi voqealar
Charli Chaplin 1938-yilda o‘zining birinchi “Buyuk diktator” ovozli filmi ustida ish boshladi. Mashhur komediyachi Yevropada sodir bo‘layotgan voqealarga xotirjam qarab turolmadi: Italiyada fashizm, Germaniyada natsizm! Aktyor butun sivilizatsiyalashgan dunyo mamlakatlarining yahudiylarni ommaviy ta’qibini yoki Fyurerning yangi jahon urushiga ochiq tayyorgarligini sezib sezmaganlikka olishini ko‘rib g‘azablandi.Chaplin Gitlerni faqat kulgi va masxara bilan mag‘lub etish mumkinligiga amin edi. Diktatorning ismini (uning ismi Adenoid Xinkel), shuningdek, eng yaqin sheriklarining ismlarini o‘zgartirib, Charli hamma narsani mutlaqo tanib oladigan qildi: mo‘ylov, harbiy forma, ekssentrik xatti-harakatlar, imo-ishoralar va intonatsiyalar. Ammo komediya qiroli bu ishga jur’at qilib hamma narsani xavf ostiga qo‘ydi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng, Amerika hukumati Charli Chaplinni SSSRni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagani va ikkinchi frontni erta ochishga chaqirgani uchun kechirmadi.
Unga kommunist degan nom berildi. 1952-yilda Chaplin Amerikadan Britaniyaga o‘zining “Rampa chiroqlari” filmining Yevropadagi premyerasida ishtirok etish uchun uchib ketdi. O‘sha paytdagi Federal qidiruv byurosi direktori Edgar Guvver Chaplinning qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchini ishga soldi. Buyuk komediyachi Shveysariyada yashashga majbur bo‘ldi. U 1972-yil aprelida, Oskar olish uchun uchib kelganidagina yana Amerika tuprog‘iga qadam qo‘ydi.
“Buyuk diktator” haqidagi ish matbuotda keng yoritildi. Juda katta shov-shuvlarga sababchi bo‘ldi. Gitler 1945-yilda bunkerlarning birida o‘z joniga qasd qildi va Charli Chaplin 1977-yilda Shveysariyada uyqusida vafot etdi. 1978-yil 1-martda uning ko‘milgan jasadi o‘g‘irlab ketilgan. Jinoyatchilar yaxshi mukofot olishga umid qilgan, biroq politsiya tomonidan tezda topilib, hibsga olingan edi. Charli Chaplinning qoldiqlari atigi ikki oydan keyin Jeneva ko‘li bo‘yidan topildi. Qoldiqlarni qayta ikki metr qalinlikda beton ostiga ko‘mishga majbur bo‘lindi. “Buyuk Diktator” filmi beshta Oskarni qo‘lga kiritdi va qalblarni larzaga solgan buyuk rejissyor, aktyor va komikning shoh asarlaridan biri bo‘lib qoldi.
Abdulazizxon Akramov tayyorladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)