UEFA 2020/2021-yilgi Chempionlar Ligasida ishtirok etgani uchun klublarning qancha gonorar olishini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, guruh bosqichidagi 32 klubning har biriga 15,25 million yevrodan (14,5 million yevro boshlang‘ich, 0,75 million yevro esa qo‘shimcha to‘lov sifatida) beriladi.
Qo‘shimchasiga jamoalar guruhdagi har bir g‘alabasi uchun 2,7 million yevrodan, durang uchun esa 0,9 million yevrodan oladi. Foydalanilmagan mablag‘lar esa (har bir durangdan 0,9 million yevro) jamlanib, g‘alaba soniga mutanosib ravishda guruh bosqichi ishtirokchilari o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Pley-offdagi gonorarlar quyidagicha:
- 1/8 finalga yo‘l olgani uchun: 9,5 million yevro
- 1/4 final: 10,5 million yevro
- 1/2 final: 12 million yevro
- Final: 15 million yevro
Shuningdek, klublarga Yevrokuboklardagi 10 yillik reytingi natijalari asosida ham qo‘shimcha mablag‘lar taqdim etiladi. 585 million miqdoridagi mablag‘ koeffitsiyentli aksiyalarga bo‘lib chiqiladi. Bunda har bir aksiya 1,118 million yevroni tashkil qilib, eng kam reyting natijasiga ega jamoa 1 ta aksiya oladi, o‘z navbatida eng yuqori o‘rindagi jamoa 32 ta aksiyaga ega chiqadi.
Bundan tashqari, yana bir to‘lov bo‘lib, bu 292 million yevroni tashkil etadigan marketing mablag‘lari hisoblanadi. Ushbu summa Chempionlar Ligasi ishtirokchilari tomonidan namoyish etilgan har bir televizion bozor ulushiga qarab (guruh bosqichi ham kiradi) taqsimlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Myunxenning “Bavariya”si musobaqa bosh sovriniga ega chiqqandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)