Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda xabar bergan “Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi Zoir Mirzayev rahbarligidagi 7-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qamashi tumaniga 2018-yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Sherali Sanayev Mirishkorning yangi hokimi sifatida tanishtirilgan.
Sherali Sanayev Qamashi tumaniga 2018-yil dekabr oyida hokim etib tayinlangan edi. U hokimlikka qadar 2013—2018-yillarda Mirishkor tumani prokurori vazifasini bajargan.
Eslatib o‘tamiz, Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev 2020-yil 8-sentabr kuni koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan (biroq uning koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida ro‘y bergani O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan).
G‘ayrat Begaliyev 2020-yil 4-martdan beri Mirishkor tumani hokimi lavozimida ishlayotgan edi. U Mirishkor tumani hokimligiga kelgunga qadar ko‘p yillar davomida Qarshi tumani hokimi bo‘lgan.
“Daryo” muxbirining qo‘shimcha qilishicha, 7-oktabr kuni Qamashi tumanida ham sessiya bo‘lib o‘tishi va unda tashkiliy masala ko‘rilishi kutilmoqda.
Izoh (0)