Buxoro viloyatida 16 yoshga to‘lmagan qizning nomusiga teggani uchun 2020-yilning fevral oyida qidiruvga berilgan fuqaro Rossiya poytaxti Moskva shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Romitan tumani “Azizon” MFYda ro‘yxatda turuvchi, 1995-yilda tug‘ilgan S.L. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 2-qismida (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgan. Bu fuqaro dastlabki tergov va sud idoralaridan yashirinib yurganligi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi tomonidan 2020-yilning 11-fevral kunidan boshlab qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruvda bo‘lgan fuqaro 2020-yil 30-sentabr kuni o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan Rossiya poytaxti Moskva shahrida yashirinib yurganligi aniqlanib, ushlangan va unga nisbatan qidiruv bekor qilingan.
Izoh (0)