“Bavariya” jamoasi Germaniya Superkubogida “Borussiya D”ni mag‘lubiyatga uchratdi (3:2) va o‘z tarixida 8-marta mazkur sovringa ega chiqdi.

Foto: “Bavariya” FK

Bu myunxenliklar hujumchisi Tomas Myuller faoliyatidagi 27-sovrin bo‘ldi. Shu tariqa 31 yoshli futbolchi eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan nemis futbolchisiga aylandi.

Bu borada Tomas sobiq jamoadoshi Bastian Shvaynshtaygerni (26 ta sovrin) ortda qoldirdi.

Myuller “Bavariya” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2008-yildan buyon bosh jamoa safida to‘p surib keladi. Tomas “Bavariya” bilan to‘qqiz marta Germaniya chempionligini qo‘lga kiritgan, olti martadan mamlakat Kubogi va Superkubogida zafar quchgan, ikki martadan Yevropa Chempionlar Ligasi hamda UEFA Superkubogini yutgan, shuningdek, bir bor klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibiga aylangan. Bundan tashqari Myuller Germaniya terma jamoasi bilan 2014-yilda Jahon Chempionligini qo‘lga kiritgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!