Navoiy viloyati hududida tezlikni oshirib, YTH sodir etgan buxorolik fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB matbuot guruhi katta inspektori Farruh Yakubov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilning 28-sentabr kuni Karmana tumani hududidan o‘tuvchi M-37 Samarqand—Buxoro—Turkmanboshi avtomobil yo‘lining 163-kilometrida YTH sodir bo‘lgan.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi O.N. o‘ziga tegishli bo‘lgan MAN rusumli transport vositasini Buxoro—Samarqand yo‘nalishida boshqarib borayotganda harakatni yuqori tezlikda oshirgan va hushyorlikni yo‘qotgan. Nur qaytaruvchi jihozlar o‘rnatilmaganligi sababli old tomonida harakatlanib borayotgan “TTZ-100” rusumli traktorni ko‘rmay qolgan va uning orqa tomoniga zarb bilan urilgan. Oqibatda “TTZ-100” haydovchisi bo‘lgan Karmana tumani fuqarosi B.T. og‘ir tan jarohati olgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro O.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasining 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 16 yoshli qiz sodir etgan YTH oqibatida 14 yoshli bola vafot etgani, Andijonda esa Volvo yuk mashinasi ikki nafar qizaloqni bosib ketib, xonadonlarning biriga borib urilgani haqida xabar berilgandi.