Tailanddagi mehmonxona haqida salbiy izoh yozgan amerikalik sayyoh ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Korrespondent.net”

Ma’lum qilinishicha, Ko Chang orolida joylashgan Sea View Resort kurorti amerikalik Uesli Barns ustidan sudga shikoyat qilgan. Bu sayyoh 2020-yilning iyul oyida TripAdvisor va Google’da o‘zining Tailanddagi sayohati haqida salbiy izohlar yozgan.

Sayyohning TripAdvisor xizmatida qoldirgan izohi 167 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan taniqli bloger Richard Barrou tomonidan Twitter’da e’lon qilingach, voqealar rivojlanib ketgan.

O‘z izohida Barns mehmonxona xodimlarini unga “do‘stona munosabatda bo‘lmaganlikda” ayblagan va “kurortdagilar o‘zlarini xuddi mehmonlarga qiziqmagandek tutishini” ta’kidlagan.

Sayyoh qoldirgan izohga mehmonxona ham javob bergan va sayyohni o‘zi bilan spirtli ichimlik olib kelgani uchun tartiblarni buzganlikda ayblagan. Mehmonxona tomonidan qayd etilishicha, ular mehmonga bo‘sh kelib, olib kelingan spirtli ichimlik uchun badal to‘lamasligiga ruxsat bergan.

Mahalliy qonunchilikdagi o‘ziga xosliklar tufayli kurort mehmonning ustidan sudga shikoyat qilishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur o‘ziga xoslik tuhmat va unga gumon qilingan sharoitda fuqarolik va jinoiy ish ochishga imkon beradi.

Bu qonun bahsli masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratadigan jurnalistlar, tanqidchilar va boshqa shaxslarni qo‘rqitish uchun tez-tez qo‘llaniladi. Unga asosan eng og‘ir jazo ikki yilgacha qamoq va taxminan 6300 dollar jarima hisoblanadi.

Ayni paytda Uesli Barns qamoqda ikki kechani o‘tkazgan va garov evaziga ozod qilingan.