Pitssa oila hamda do‘stlar davrasida sevib iste’mol qilinadigan yegulik hisoblanadi. Lekin ba’zida uning sovib qolishi tufayli xamiri qattiq va hatto mazasi ham biroz o‘zgargandek bo‘ladi. Quyida taqdim etiladigan mini pitssa retsepti esa aksincha, yumshoq va yoqimli xamirdan tayyorlanadi.

Foto: “povarenok.ru”

Kerakli mahsulotlar:

  • Sut – 250 ml;
  • Suv – 120 ml;
  • O‘simlik yog‘i – 120 ml;
  • Shakar – 2 osh qoshiq;
  • Tuz – 0,5 osh qoshiq;
  • Xamirturush – 30 gr;
  • Un – 750 gr;
  • Pomidor ta’bga ko‘ra;
  • Qo‘ziqorin ta’bga ko‘ra;
  • Kolbasa ta’bga ko‘ra;
  • Oregano urug‘i ta’bga ko‘ra;
  • Qattiq pishloq – 300 gr;
  • Tuzlangan bodring ta’bga ko‘ra;
  • Ketchup – 3 osh qoshiq;
  • Smetana – 3 osh qoshiq.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Idishga iliq sut, suv, xamirturush, shakar, o‘simlik yog‘i solinadi va yaxshilab aralashtiriladi. Tuz, so‘ngra oz-ozdan un solinib, yengil xamir qoriladi. Xamir usti yopilib, 1 soatga xona haroratiga qo‘yiladi.
  2. Bu vaqt davomida sous tayyorlanadi. Ketchupga smetana aralashtiriladi. So‘ng “nachinka” uchun pomidor, qizil bulg‘ori qalampiri, qo‘ziqorin, pishloq, kolbasa, tuzlangan bodring parrak qilib to‘g‘raladi.
  3. Tayyor bo‘lgan xamir bo‘laklarga bo‘linadi, kichkina doiracha shaklida yoyilib, yuzasiga sous surtiladi. Oregano urug‘i sepilib, “nachinka” birin-ketin joylashtiriladi. Ustidan qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq va yana ozroq oregano sepiladi. Pechda 200 darajaga 25-30 daqiqaga qo‘yiladi.

Yoqimli ishtaha!