Fransiya poytaxti Parij shahrida 25-sentabr kuni pichoq bilan qurollangan shaxs shaharning 11-okrugidagi Nikol Apper ko‘chasida odamlarga hujum uyushtirdi. Terrorizmga qarshi kurash prokuraturasi mazkur hodisa bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tergov “jinoiy terroristik tashkilot tomonidan terroristik fitna uyushtirilishi munosabati bilan qotillikka urinish” moddasi asosida boshlangan. Hujum Charlie Hebdo jurnalining sobiq binosi yaqinida amalga oshirilgan.
Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks Parijda odamlarga hujum uyushtirilgani sababli vaziyatni o‘rganish va uning rivojini kuzatish uchun Ichki ishlar vazirligining inqiroz markaziga yo‘l olayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hujum oqibatida ikki kishi jarohat olgan, ulardan birining jarohati og‘ir, biroq uning hayoti xavf ostida emas. Jabrlanganlarning ikkalasi ham avval Charlie Hebdo jurnali tahririyati faoliyat olib borgan binoda joylashgan Premieres Lignes axborot agentligining xodimlari hisoblanadi. Ulardan biri erkak, ikkinchi esa ayol kishi.
Le Figaro gazetasining xabar berishicha, hujumda gumon qilinayotgan 33 yoshli shaxsdan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qon izlari asosida tashqi ko‘rinishi hindu-pokistonlik bo‘lgan yana bir shaxsni qo‘lga olgan. Keyinroq mazkur 18 yoshli yigit o‘zining pokistonlik ekanligini va hujumga aloqadorligini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan Charlie Hebdo satira gazetasi binosida 2015-yilning 7-yanvar kuni noma’lum shaxslar Kalashnikov avtomatlari bilan o‘t ochib, terakt amalga oshirgandi. Muhammad (s.a.v) karikaturasi sababli amalga oshirilgan bu hujum butun dunyoda keng qamrovli aks sado bergandi.
Izoh (0)