Yangi Aquos Zero 5G Basic smartfoni Full HD-sifatli 6,4 dyuymga teng OLED-displeyga ega bo‘ldi, biroq uning asosiy o‘ziga xosligi — yangilanish chastotasining 240 gertsli tengligida, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Displeyning yangilanish chastotasi ekrandagi tasvir soniyasiga necha marotaba yangilanishini ko‘rsatadi. Standart ko‘rsatkich 60 gerts bo‘lib, u tasvir tiniq bo‘lishi uchun yetarli hisoblanadi. Biroq yangilanish chastotasining oshirilishi tasvirni yanada tiniqlashtiradi va sezgirligini oshiradi. Bu birinchi navbatda geymerlar uchun kerak, biroq mazkur texnologiya borgan sari smartfonlarga ham joriy etilmoqda. Bunga qadar rekord ko‘rsatkich — 144 gertsga teng edi.

Qolgan jihatlari bilan Aquos Zero 5G Basic o‘rta darajadagi smartfonlardan farq qilmaydi. U Snapdragon 765G protsessori, 6 gigabayt tezkor va 64 gigabayt ichki xotirada ishlaydi. Akkumulyator sig‘imi esa 4050 mA/soatga teng, biroq u yuqori yangilanish chastotani qanday uddalashi noma’lum.

Sharp hozircha o‘zining yangi smartfoni narxini e’lon qilmagan.

Avvalroq Xiaomi kompaniyasi 2400x1080 pikselli hamda 120 gerts chastotali 6,67 dyuym ekranga ega bo‘lgan Poco X3 NFC hamyonbop smartfonini taqdim etgandi.