O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2-sentabr holatiga ko‘ra xorijdan keluvchilar uchun sanitariya-epidemiologiya talablari mavjud bo‘lgan 49 ta mamlakatdan iborat ro‘yxatni taqdim etdi.

Foto: “Daryo”

Unda o‘zbekistonliklarning xorijiy davlatlarga, shu jumladan, o‘qish maqsadida kirishi uchun qo‘yiladigan asosiy talablar bayon etilgan. Mamlakatdan chiqib ketishni istaganlar O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaparvozlar bor-yo‘qligini ham tekshirishi mumkin

Vazirlik O‘zbekistondan chiqib ketishdan oldin boradigan mamlakatga kirish talablarini diplomatik vakolatxonalar orqali batafsil aniqlashtirish va boradigan mamlakatga kirish huquqini beradigan asoslar mavjudligiga ishonch hosil qilishni tavsiya etgan.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways 16-avgustdan 31-avgustgacha xalqaro qatnovlarning va mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarning bir qismi majburiy bekor qilingan edi. Kompaniya sentabrdan boshlab beshta davlat bilan muntazam xalqaro aviaparvozlarni tiklashini ma’lum qilgan.