O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘quv yili boshida ayrim fanlarning vaqtinchalik o‘tilmasligini tavsiya qildi. Vazirlik matbuot xizmatining qayd etishicha, bunda o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalash, ijtimoiy masofani saqlagan holda ortiqcha muloqotning oldini olish maqsad qilingan.
Ular quyidagilar:
- jismoniy tarbiya;
- chaqiriqqa qadar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik;
- musiqa madaniyati;
- tasviriy san’at va chizmachilik;
- texnologiya;
- tarbiya fanlari.
Ta’kidlanishicha, mazkur fanlardan dars berayotgan o‘qituvchilarning oylik ish haqi to‘liq saqlab qolinadi va ular maktabdagi o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston maktablarida yangi o‘quv yili 14-sentabrdan boshlanadi. O‘quvchilar maktabga borishi yoki onlayn o‘qishi mumkin. Davlat maktablarida yangi o‘quv yilida majburiy maktab formasi talab qilinmaydi. Shuningdek, darslar taklif etilganidek 30 daqiqa emas, balki an’anaviy 45 daqiqa o‘tiladigan bo‘ldi.
Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi sanitariya talablariga javob bermaydigan maktablar o‘qishni masofaviy tarzda olib borishini ma’lum qilgani, maktablarda ta’lim ikki xil shaklda bo‘lishini inobatga olib, o‘quvchilarning ota-onalariga murojaat bilan chiqqani xabar berilgan edi.
Izoh (0)