Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida to‘rt nafar farzandi uchun aliment to‘lashi belgilangan qarzdor ota muammoni o‘zgacha usulda hal qildi. Bu haqda “Daryo”ga Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ma’lum qilgan.

Foto: MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2020-yil 21-iyundagi qaroriga asosan otadan to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Biroq ota majburiyatini yetarli darajada bajarmaganligi oqibatida alimentdan qarzdorlik vujudga kelgan.

Majburiy ijro byurosi Kitob tuman bo‘limi xodimlari farzandlari uchun aliment to‘lamay yurgan erkakka huquqiy tushuntirishlar bergan. Ular qarzdorlik bartaraf etilmasa, ota ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytgan.

Muammoni yechishi kerakligini yaxshi tushungan K.M. farzandlari 18 yoshga to‘lguncha bo‘lgan aliment qarzidan bir zumda qutuldi. U aliment to‘lovi o‘rniga undiruvchiga o‘z nomidagi Damas mashinasini taklif qildi.

“A.S. taklifni qabul qilgach, mashina uning nomiga o‘tkazib berildi. Shuning bilan ijro hujjati amalda ta’minlandi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent shahrida MIB 126 million so‘mlik aliment pulini undirib berilgani, Buxoroda voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lamay kelgan ona o‘z nomidagi uyni o‘g‘illaridan birining nomiga rasmiylashtirib bergani, Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi ota farzandi uchun 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan aliment pulini avvaldan to‘lab qo‘ygani haqida xabarlar berilgan.